Sport | 02:46 / 30.09.2015
3620
2 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar Ligasi, Ye guruhi: “Barselona” “Bayyer”ga qarshi irodali g‘alabaga erishdi, “BATE” “Roma”ni hayratlanarli tarzda yutdi

29 sentabrda Chempionlar Ligasi saralash bosqichining 2-turida Ye guruhidan o‘rin olgan Belarusning “BATE” klubi bilan Rimning “Roma” o‘rtasidagi uchrashuv “Borisov Arena” stadionida bo‘lib o‘tdi va borisovliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

“BATE” yarimhimoyachi Igor Stasevichning 8-daqiqadagi va himoyachi Filip Mladenovichning 12- va 30-daqiqadagi dubli evaziga 1-bo‘limning o‘zidayoq nomdor raqibini 3:0 hisobida yutayotgan edi. 2-bo‘limda rimliklar ikkita javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘lishdi: 66-daqiqada Jyervino va 82-daqiqada Yago Falke raqib darvozasiga to‘p kiritdilar.

Chempionlar Ligasi, Ye guruhi, 2-tur

BATE – Roma – 3:2
Gollar: Stasevich, 8; Mladenovich, 12, 30 – Jyervino, 66; Falke, 82

“Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tgan parallel uchravshuvda “Barselona” “Bayyer” ustidan irodali g‘alabaga erishdi.

Kataloniyaliklar nemis klubi yarimhimoyachi Kiriakos Papadopulosning 22-daqiqadagi goliga o‘yin tugashiga sanoqli daqiqalar qolganda 2 daqiqada ketma-ket 2 ta to‘p – 80-daqiqada yarimhimoyachi Serxi Roberto va 82-daqiqada hujumchi Suaresning goli bilan javob berishdi va uchrashuvni o‘z foydalariga hal qilishdi.

Shu tariqa “Barselona”da 4 ochko, “Bayyer” va “BATE”da 3 tadan, “Roma”da esa 1 ochko bo‘ldi.

Barselona – Bayyer – 2:1
Gollar: Roberto, 80; Suares, 82 – Papadopulos, 22