Jamiyat | 10:25 / 08.10.2015
23685
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik egizak yigitlar poyafzal xarid qilishga borib, baxtlarini topishdi

Yaqinda qozoqcha internetda ikkita egizak juftlik bir-birini topgani haqidagi xabar ko‘p shovshuvlarga sabab bo‘ldi. Egizaklarning chiroyli oilalar qurgani ko‘pchilikning olqishlariga sabab bo‘ldi.

Aytilishicha, To‘ribek va Joldasbek To‘lepbergeno‘g‘illarining dunyoga kelishi bilan ota-onasi ularga egizak kelinlar qidirishga kirishib ketishgan. Ammo butun Oqtovda bunday kelin topilmagan.


Kelinlar – Asil va Oyim Biynazarovalar uchun esa, aksincha, hech qachon egizak kuyovlar qidirilmagan. Shunday bo‘lsa, taqdir ularning yo‘lini bir joydan qildi.
“Biz erlarimiz egizak bo‘lishini o‘ylamaganmiz ham. Shunday bo‘lib chiqdi hammasi”, - deydi kelinlar.

To‘ribek va Joldasbeklar Uralskka o‘qigani kelib, qizlarni shu yerda uchratib qolishdi. Oyim poyafzal do‘konida ishlardi. Joldasbek u yerga do‘sti bilan oyoq kiyim xarid qilish uchun kelib, orzuidagi qizni uchratdi.
“U oyoq kiyim tanlab, xuddi shunaqasi yana bor-yo‘qligiga qiziqdim. Nimaga kerakligini so‘rasam, egizak akam bor deb javob berdi, - eslaydi Oyim. – Juda qiziq, mening ham egizak opam bor, dedim.

Joldasbek, garchi oyoq kiyim unga biroz tor kelgan bo‘lsa ham, uni sotib oldi va, keyin bilishimcha, hamkasbimdan ismimni so‘rab, ketdi. Keyin u akasi bilan bizni butun Uralsk bo‘ylab qidirishdi. Ikki haftadan so‘ng topishdi”.
Qizlar uchrashuvga chiqishga faqat 3 haftadan so‘ng rozi bo‘lishdi, bir yildan so‘ng esa yigitlar ularni turmush qurishga ko‘ndira olishdi.

Kecha, 7 oktabr kuni, yosh kelinlarning betochar marosimi o‘tkazildi.
Jurnalistlar qizlar erlarini qanday farqlashlariga qiziqib ko‘rishdi. Baxtli kelinchaklar faqat birinchi uchrashuvlarda biroz adashishganini bayon etishdi.
“To‘ribek ancha kelishganroq ko‘rinadi”, - deb hazillashdi Asil.