Jamiyat | 18:38 / 14.11.2015
10200
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda qo‘shmachi ayol “mijoz” tomonidan pichoqlab o‘ldirildi

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahrida sodir etilgan jinoyat oqibatida bir ayol olamdan o‘tdi, ikki qiz esa og‘ir tan jarohatlari oldi. Bu haqda “Adolat ko‘zgusi” gazetasi yozmoqda.

Aytilishicha, Andijon viloyatida tug‘ilgan Yahyobek Abdunazarov ismli shaxs Gulistonda ishlab kelgan. Bir safar u Dilnavoz ismli qo‘shmachi ayol bilan tanishib, u orqali fohisha “buyurtma” qilgan. U bilan tun o‘tkazgach, yigit pul berishni istamagan. Janjal kelib chiqqan. Jahl ustida Yahyobek yonidan pichoq chiqarib, qizga bir necha jarohat yetkazgan.

Shovqin-suronni eshitgan Dilnavoz yonida yana bir fohisha bilan xonaga kirib kelgan. Yahyobek ularga ham jarohat yetkazgan. Natijada qo‘shmachi ayol shu yerning o‘zida olamdan o‘tgan.

Tergov jarayonida Abdunazarov ilgari ham jinoyatlar sodir etgani aniqlandi. Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida novvoy bo‘lib ishlagan kezlari Humor degan qizni aldab, uni Andijonda mehmon qilish bahonasida vodiy dovoniga olib chiqqan va yerda zo‘rlagani ma'lum bo‘ldi.

Barcha jinoyatlari tufayli Yahyobek Abdunazarov 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U tayinlangan jazoning 2 yilini turmada, qolganini esa qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.