Fan-texnika | 00:15 / 29.12.2015
9998
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda yaratilgan “sakkizinchi iPhone” sotildi

2014 yilda iPhone 8 smartfonining o‘zining kontseptini taqdim qilgan Steel Drake taxallusiga ega qirg‘izistonlik dizayner o‘zining ishlanmasini noma'lum AQSh-Xitoy kompaniyasiga sotdi. Bu haqda K-News nashri xabar bermoqda.

Dizaynerning aytishicha, unga kontseptni sotish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilgan, biroq xaridorlar taklif qilgan pullar “arzirli” bo‘lmagan. Biroq bir necha oy o‘tib taklifi dizaynerni qanoatlantirgan xaridor paydo bo‘ldi va smartfonni sotish bo‘yicha bitim amalga oshdi.

Ta'kidlanishicha, dizayn Steel Drake’dan 2015 yil bahorida sotib olingan, biroq dizaynerga xaridor bilan tuzilgan bitimning tafsilotlarini yaqun kunlargacha oshkor etishga ruxsat berilmagan. Ma'lum qilinishicha, telefon boshqa kompaniyaning brendi ostida va boshqa nom bilan chiqariladi.

Dizaynerni “ayfon”ning nusxasini yaratishiga iPhone 6’ning tashqi qiyofasi unga yoqmagani turtki bo‘lgan.

Dizaynerning aytishicha, u telefonni hech qanday chiziqlarsiz yaratishga, kompaniya hozir targ‘ib qilayotgan jilosiz standartdan foydalanmaslikka hamda ayfonga yaltiroq sirtni qaytarishga harakat qilgan.

Steel Drake’ning ta'kidlashicha, u yaratgan kontsept negizida ishlab chiqariladigan smartfon iPhone va Samsung Galaxy’ning flagman versiyalaridan arzon bo‘lmaydi.