Jamiyat | 20:04 / 04.01.2016
22662
5 daqiqa o‘qiladi

“Darakchi” 2015 yilning o‘zbek kino reytingini e'lon qildi

“Darakchi” gazetasining Yangi yil sonida 2015 yilning yakunlariga bag‘ishlangan ko‘plab reytinglar qatoridan kino reytingi ham e'lon qilindi. Unda turli nominatsiyalar bo‘yicha saralangan filmlar, aktyorlar va rejissyorlar o‘rin oldi. Reyting Darakchi.uz saytida muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslandi.

Vatanparvarlik ruhidagi yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin Hilol Nasimovning “Gumrohlar” filmiga berildi.

Ikkinchi o‘rinni Rustam Sa'diyevning “Sotqin” kinokartinasi egallagan bo‘lsa, uchinchi pog‘onani yana o‘sha Hilol Nasimovning “Ajal jodusi” filmi zabt etdi.

Buning aksi bo‘lmish nominatsiya – “Yilning eng bachkana filmi”da birinchilik “O‘zga sayyoralik er” fantastik komediyasiga “nasib” qildi.

Undan keyingi o‘rinlarga Javlon Shodmonovning “Qora tanli bojalar”, Sur'at Islomov va Oybek Xolmedovlarning “Qo‘chqor akaning koptogi” kartinalari qo‘yildi.

Yangi qiyofalarni kashf etgan yil rejissyori” nominatsiyasida yana Hilol Nasimov yetakchilik qilmoqda: “Ajal jodusi” filmida bosh rollarni ijro etgan Shohrux va Fotih Nasimovlarning mahoratiga tan bergan kinotanqidchilar shunday fikrga kelishdi. Hisobot yilida katta ekranlarga chiqqan Q. Karimberdiyevning “Telefon” nomli filmida Anvar obrazini yaratgan Timur Isrofilov 2015 yilda ilk marotaba bosh rolni ijro etib, mazkur reytingda ikkinchi o‘rinni egalladi. Nihoyat, Shavkat Komilov Ozod Shamsning “Ko‘z yoshim” filmida bosh rolni ijro etib, tilga tushgani bois undan keyingi pog‘onani band etdi.

Yilning eng dangasa rejissyori” deb Said Muxtorov tan olindi: u yil davomida faqatgina “Onasining bolasi” filmi bilan ko‘rinish berdi, xolos. Sanjar Matkarimov esa 2013 yilda olingan “Hay, hay qizaloq” filmidan so‘ng birorta kartinani muxlislariga taqdim etmadi. Uchinchi o‘ringa 2012 yildagi “Mug‘ombir kuyov” filmidan so‘ng ko‘rinmay qolgan rejissyor Burxon Sharopov munosib ko‘rildi.
Aktyorlik nominatsiyalari ikkita edi, ulardan biri eng yaxshi juftliklarni, ikkinchisi esa, tabiiy, nomunosib juftliklarni ko‘rsatib berdi.

“Yilning bir-biriga eng mos juftligi” sifatida Umid Iskandarov va Lola Yo‘ldoshevalar tan olindi. Ular “Bu telba muhabbat” filmidagi ijrolari bois muxlislarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Xonanda Ali Otajonov va aktrisa Sitora Alimjonova ushbu reytingda “Muhabbatimsan” filmida gavdalantirgan obrazlari tufayli ikkinchi pog‘onani zabt etdi. Aktrisa Shahlo Temirova va aktyor Akmal Nazarovlar esa “Dilor, Dilor, Dil va or” filmidagi ijrosi uchun uchinchi o‘ringa qo‘yildi.

Yilning ekranda eng nomunosib juftligi” deb Jahongir Poziljonovning “Qizalog‘im” filmi bo‘yicha sherigi Nargiza Salmonova bilan hosil qilgan juftligi e'tirof etildi. Keyingi o‘rinlarda – “Tilimdamas dilimda” filmida birga o‘ynagan Feruza Normatova va Muhammadali Navro‘zov, shuningdek, “Baxt ortidan” kartinasida juftlik hosil qilgan Diyor Mahkamov va Muqaddas Sa'dullayevalar.
Nashr o‘zining shaxsiy “Oltin malina”sini ham ta'sis etdi. Bu aksilmukofotga eng omadsiz ijodkorlar sazovor bo‘ldi. Jumladan:

Kinodagi obraziga nomunosib yil aktyori: 1. Sherzod Bin “Janob xoddogchi” filmidagi rahbar roli uchun; 2. Farrux Soipov “Sotqin” filmidagi sust ijrosi uchun.

Kinodagi obraziga nomunosib yil aktrisasi: 1. Yulduz Rajabova “Sevgi, balki bu - jannat” filmidagi ijrosi uchun; 2. Nargiza Salmonova “Onaizor” filmidagi ijrosi uchun.

Yilning eng me'daga tekkan aktyori: 1. Asqar Hikmatov; 2. Javlon Shodmonov.

Yilning eng me'daga tekkan aktrisasi: 1. Shahzoda Muhammedova; 2. Muqaddas Sa'dullayeva.