Jamiyat | 11:48 / 04.01.2016
9637
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Avstraliya fuqarosi qirg‘iz milliy taomining ustidan kulgani uchun qamoqqa olindi

Bishkek aeroportida avstraliyalik Qumtor oltin koni mutaxassisi o‘zining Facebook`dagi sahifasida qirg‘iz milliy taomi – chuchuk (qirg‘izcha qazi)ni otning jinsiy a'zosiga o‘xshatgani sababli hibsga olindi. Xorijlik e'lon qilgan post oltin qazib olish muassasasida ish tashlashlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda 3 yanvar kuni K-News xabar berdi.

Qirg‘iziston Tog‘-metallurgiya kasaba uyushmasi vakili Eldor Tojiboyevning aytishicha, janjalli post Yangi yil arafasida avstraliyalik Maykl Makfitning sahifasida paydo bo‘lgan. “Mahalliy ishchilarning ommaviy noroziligi va qo‘zg‘alishiga chuchuk taomining qirg‘iz xalqi tomonidan qattiq hurmat qilinishi sabab bo‘ldi”, deya qayd etdi Tojiboyev.

Uning ta'kidlashicha, Makfin qirg‘iz xalqining izzat-nafsi va obro‘sini haqorat qildi.
Natijada konda ish tashlashlar boshlandi, 2 yanvar kuni tunda ishlab chiqarish to‘xtadi. Tashkilot xodimlari ishni 3 yanvar kuni ertalab kasaba uyushmalari yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng qayta yo‘lga qo‘ydi.

Makfitning o‘zi hodisadan so‘ng konni tark etgan. Yakshanba kuni u Manas (Bishkek) aeroportida IIV xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Tojiboyevning ma'lum qilishicha, Makfit tomonidan amalga oshirilgan ish Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 299- moddasi (“Milliy, irqiy, diniy va hududlararo adovatni qo‘zg‘atish”) bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu moddaga ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etgan shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

The Guardian xabariga ko‘ra, Makfit — britaniyalik bo‘lib, Qumtor oltin koniga egalik qiladigan Kanadaning Centerra Gold kompaniyasida ishlaydi. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, xorijlik milliy adovatni qo‘zg‘atishda ayblanmoqda.

Makfit o‘z sahifasidagi milliy taom tanqid qilingan postini o‘chirgan. “Men qirg‘iz xalqi va otning jinsiy a'zosi haqidagi izohlar uchun uzr so‘rashni istar edim. Men hech kimni haqorat qilishni xohlamagandim va chin dildan uzr so‘rayman”, - deya gazeta xabaridagi Makfit so‘zlaridan iqtibos keltiriladi.

Chuchuk (sujux, shujuk, chujuk, sujuk) — turk va Yaqin Sharq xalqlarining milliy taomi bo‘lib, Markaziy Osiyoda asosan ot go‘shti va uning a'zolaridan tayyorlanadi.