Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kyoln hokimi nemis xotin-qizlari tegajog‘likdan qutulish uchun fe'l-atvorini o‘zgartirishi lozim deb hisoblaydi
Kyoln ober-burgomistri Henriyetta Reker RP Online nashriga bergan intervyusida nemis ayollariga jinsiy zo‘ravonlik va tegajog‘likdan qutulish uchun bir qancha tavsiyalar berdi. Spiegel gazetasining yozishicha, uning so‘zlari internetda norozilikni keltirib chiqargan.
Reker xonimning fikricha, ayollar o‘zlarining jamoat joylaridagi yurish-turishlarini qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Jumladan, ular notanishlardan uzatilgan qo‘l masofasida uzoq turmog‘i lozim.
“Begonalar bilan o‘z tashabbusingizga ko‘ra yaqinlashish yo‘llarini qidirmang”, - deydi amaldor.Shuningdek, u ayollarga ko‘chalarda guruh-guruh bo‘lib yurishni tavsiya qildi.
“Ayollar jinsiy tegajog‘lik qurboni bo‘lmasligi uchun ularga xulq-atvor kodeksi tuzib berish kerak”, - dedi Kyoln hokimi.
Shuningdek, u qochqinlar bilan tushuntirish ishlari olib borish kerakligini ta'kidladi.Uning bu tavsiyalariga javoban Twitter mikroblogida #einearmlänge (uzatilgan qo‘l masofasi) xeshtegi tarqatila boshlandi.
GFR adliya vaziri Xayko Maas o‘z mikroblogida javobgarlik ayollarda emas, jinoyatchilarda ekanligini ta'kidladi. Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi ham Reker xonimni aybni zo‘ravonlik qurbonlariga yuklashda gunohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni Kyoln politsiyasi 90ga yaqin ayol Yangi yil kechasi “Afrika va arab ko‘rinishiga ega” shaxslar tomonidan amalga oshirilgan tegajog‘lik va zo‘ravonlik qurboni bo‘lganligini bayon qildi.
Shahar politsiyasi boshlig‘i Volfgang Albers umumiy miqdorda maydonda 15-35 yoshdagi mingga yaqin erkak to‘planib, ayollarni qurshab olishga harakat qilganlarini, bunga to‘sqinlik qilishga uringanlarga tahdid solganlarini ta'kiladi.