Jamiyat | 23:16 / 08.01.2016
8509
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning Mirobod tumanida yosh oilalar uchun qurilgan yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida 32 xonadondan iborat 2 ko‘p qavatli uy bunyod etildi. Ushbu zamonaviy uylar ilm-fan, madaniyat, sport sohalarida erishgan ulkan yutuqlari bilan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, vatan sharafini jahon miqyosida ulug‘layotgan iqtidorli yoshlarga berildi.

Davlat rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida jamiyatimiz ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan, izlanuvchan, tashabbuskor yosh oilalar uchun yangi uy-joylar barpo etilib, foydalanishga topshirilmoqda.

2015 yilda Toshkentning Sergeli, Uchtepa va Bektemir tumanlarida namunaviy loyiha asosida beshta «Kamolot» uyi bunyod etilib, 160 yosh oilaga topshirildi.

Yangi yilning ilk kunlarida dzyudo bo‘yicha yetti karra O‘zbekiston chempioni, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Hamid Otajonov Mirobod tumani Chinor mahallasida barpo etilgan yangi uylardan birining sohibiga aylandi.

"Xalqaro musobaqalarda xorijlik tengdoshlarimning mamlakatimizda biz, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga havas qilganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Yoshlarning zamonaviy ta'lim-tarbiya olishi, sport bilan shug‘ullanishi, iste'dod va salohiyatini namoyon etishi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdormiz", deydi H.Otajonov.