Jamiyat | 21:20 / 08.01.2016
7507
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘rnatilgan Mao Tszedun haykali 3 kun o‘tib olib tashlandi

Xitoyda Mao Tszedun sharafiga 5 yanvar kuni o‘rnatilgan 37 metr balandlikdagi haykal bugun olib tashlandi. Bu haqda Bangkok Post xabar tarqatgan.

Ushbu haykal qurilishi uchun 3 mln yuan (460 ming dollar) sarflangandi. Bu mablag‘ haykal o‘rnatilgan Tunsyuy tumanidagi qishloq aholisidan yig‘ib olingandi. Bu loyiha orqali hududga sayyohlar oqimini oshirish ko‘zda tutilgan edi.

Uning olib tashlanishi sababi haqida rasman ma'lum qilinmagan.

Nashr xabarida taxmin qilinishicha, bu loyiha mualliflari haykalni o‘rnatish bo‘yicha hukumat bilan kelishuvni to‘la ravishda bajarmagan.

Voqea joyidan olingan fotosuratlarda haykalning bosh qismiga qora mato yopib qo‘yilganini va haykalning orqa qismida katta yoriq borligini ko‘rish mumkin.