Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston maktablarida harbiy-vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2015 yil 9 dekabrdagi “Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyogarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq, ta'lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda.
O‘zA xabariga ko‘ra, «Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!» shiori ostidagi mazkur oylik doirasida o‘quvchilarda burchga sadoqat, hushyorlik va ogohlik tuyg‘ularini mustahkamlash, yoshlarni Qurolli Kuchlarimiz faoliyati, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini kuchaytirish va harbiy xizmatning nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirish maqsadida turli tadbirlar, davra suhbatlari, harbiylar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Oylik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy okrug va garnizonlari bilan hamkorlikda umumta'lim maktablari o‘quvchilarining harbiy qism va o‘quv muassasalariga ekskursiyalari tashkil etilmoqda. O‘quvchilar poytaxtimizdagi Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, “Vatanga qasamyod” majmuasiga sayohat uyushtirib, ona yurt himoyasi muqaddas ekani, ajdodlarimiz ko‘rsatgan mardlik va jasorat namunalari, Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Ta'lim muassasalarida o‘quvchilar ongida Vatanga muhabbat, Qurolli Kuchlardan faxrlanish, harbiylik kasbiga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va harbiylar ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi”, “E'zoz”, “Ehtirom” kabi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Maktablar va Mehribonlik uylarida “Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, iftixorimiz”, “Xalqimizga tinchlik va omonlik kerak”, “Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilish eng oliy saodatdir” mavzularida davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bolalar musiqa va san'at maktablarida “Mardlar qo‘riqlaydi, Vatanni” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi tashkil qilinayotir. Shuningdek, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda hamda umumta'lim maktablarida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.