Jahon | 09:49 / 15.01.2016
4391
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Ukraina o‘rtasida “ochiq osmon” shartnomasi kuchga kirdi

14 yanvar kuni kuchga kirgan AQSh va Ukraina o‘rtasidagi “ochiq osmon” to‘g‘risidagi shartnoma uning ishtirokchilariga har qanday boshqa mamlakatga yo‘l olayotgan aviareyslar yo‘lovchilarini o‘z hududida qabul qilish huquqini beradi. Bu haqda Ukraina infratuzilmalari vaziri Vladimir Omelyan “Feysbuk” orqali ma'lum qildi.

“Bugungi kunda Ukraina va AQSh ochiq osmonda to‘laqonli sheriklar hisoblanadi. Hozirgina AQShning Ukrainadagi elchixonasi Ukraina va Qo‘shma Shtatlar hukumatlari o‘rtasidagi havo tashuvlari to‘g‘risidagi kelishuvning barcha yuridik rasmiyatchiliklari tugab, kuchga kirganini ma'lum qilishdi”, - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kelishuv har ikki tomon aviatashuvchilariga havo tashuvlarining erkin chastotalari va hajmini ham belgilab beradi. Shuningdek, qabul qilingan tomon aeroportlarida mustaqil ravishda yer usti xizmatlarini ko‘rsatishga ham ijozat beradi.