Jamiyat | 17:12 / 15.01.2016
12103
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik taniqli teleboshlovchining qizi liftning ostki qismi bilan 7 qavat balandlikdan pastga qulab halok bo‘ldi

Rossiya poytaxti Moskva shahrida taniqli teleboshlovchi Yevgeniy Kocherginning qizi Irina Volodina fojyeali tarzda halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Moskovskiy komsomolets».

Tragediya 14 yanvar kuni poytaxtning shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan «Alyye parusa» nomli ko‘p qavatli turar-joy binosida sodir bo‘lgan. Lift yettinchi qavatga ko‘tarilgan paytda uning pastki qismi tushib ketgan. Natijada qiz pastga qulashi natijasida vafot etgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, qulashga liftni tutib turuvchi troslardan birining uzilib ketishi sabab bo‘lgan.

Teleboshlovchining o‘zi ham jurnalistlarga qizining vafot etganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Irina mazkur liftni almashtirish uchun hayotining so‘nggiga qadar kurashgan. «Qizim o‘zining hayoti qadri bilan «Alyye parusa» turar-joy binosi liftining muammosini ko‘rsatib ketdi», - deydi Kochergin.

Marhumning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi yetim qolgan. Irinaning kichik farzandi va uning enaga baxtli tasodif tufayli o‘limdan qutulib qolishgan. Ular bitta liftda tepaga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan, biroq qandaydir sabablarga ko‘ra ayol bir necha daqiqa ilgari liftga chiqqan. Enaga va bola qo‘shni liftda tepaga ko‘tarilishayotgan bo‘lgan, deya qayd etib o‘tgan LifeNews telekanali.