Jamiyat | 10:28 / 16.01.2016
3345
1 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressida 8 kishi shubhali modda tufayli shifoxonaga yotqizildi

AQSh Kongressi vakillar palatasi ofis binolaridan birida shubhali modda aniqlanganidan so‘ng, 8 kishi Vashingtondagi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Washington Post nashri xabar tarqatgan.

Binoning yong‘inga qarshi kurash xizmati vakili Timoti Uilsonning aytishicha, tibbiy xodimlar 10 kishini ko‘zdan kechirgan va ularning 8 nafarida o‘xshash alomatlarni aniqlagan. Shifoxonaga yotqizilgan bu sakkiz kishining nomlari aytilmagan. Shuningdek, ularda aniqlangan shubhali alomatlar va modda haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

NBC News telekanali ma'lumotiga ko‘ra, bino qahvaxonasi xodimlari tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ular o‘zlarining tobi qochgani haqida xabar qilishgach, ularda cho‘chqa grippi bo‘lishi ehtimoli yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan. Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, kafe oshxonasida bir necha hafta davomida qurilish ishlari o‘tkazilgandi.