Jamiyat | 15:44 / 16.01.2016
6223
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi

Bugun, 16 yanvar kuni xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligining Axborot xizmati xabar qildi.Onlayn muloqot vazirlikning rasmiy forumida tashkil etilib, unda xalq ta'limi tizimiga oid shikoyat, taklif va mulohazalar bildirildi.

Onlayn muloqot ikki soatga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, forum ishtirokchilari tomonidan bo‘lgan qiziqishning kattaligi va savollar oqimini ko‘pligi sabab muloqot yana bir soatga uzaytirildi.

Muloqot davomida Ulug‘bek Inoyatov maktabgacha ta'lim, umumiy o‘rta ta'lim, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, bolalar musiqa va san'at maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, malaka oshirish tizimiga oid jamoatchilik savoliga onlayn rejimda real vaqtda javob qaytardi.

3 soatdan ko‘proq davom etgan muloqot davomida foydalanuvchilardan forum, vazirlikning elektron pochta manzili va “ishonch telefoni” ga kelib tushgan 107 ta savolga tezkorlik bilan javob qaytarildi. Qolaversa, forum ishtirokchilarining sohani rivojlantirish, ta'lim-tarbiya sifatini yaxshilash, pedagog kadrlarni rag‘batlantirish va ularning har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida bildirilgan takliflari o‘rganib chiqish uchun qabul qilindi.

Jamoatchilik bilan aloqalarni yanada yaxshilash, ayniqsa, internet tarmog‘i orqali tezkor axborot almashish tizimini joriy etish maqsadida bu kabi jonli muloqotlarni tez-tez o‘tkazishga qaror qilindi.