Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kristian Beyl semirishi talab qilingani uchun avtopoygachi hayoti to‘g‘risidagi filmda o‘ynashdan bosh tortdi
Gollivud aktyori Kristian Beyl italiyalik konstruktor va avtopoygachi Entso Ferrarining hayoti haqida hikoya qiluvchi filmda suratga tushishdan bosh tortdi. Mazkur loyihani tark etishga aktyorni tezda ortiqcha vazn to‘plash zarurligi sabab bo‘lgan. Aktyor buni sog‘lig‘iga ziyon yetishi mumkin deb hisobladi, deya xabar beradi Variety.
Nashrning xabar qilishicha, Beylga buning uchun suratga olish ishlari boshlanadigan 2016 yilning bahorigacha bo‘lgan muddat berilgan. Aktyor aynan qancha miqdorda vazn to‘plashi kerakligiga oydinlik kiritilmagan. Uning o‘rnini kim egallashi ham noma'lum bo‘lib qolmoqda. Filmga Maykl Mann rejissyorlik qiladi. Film Italiyada tasmaga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha Brok Yyetsning «Entso Ferrari: Inson. Avtomobillar. Poyga. Mashina» (Enzo Ferrari: The Man, The Cars, The Race, The Machine) hikoyasi asosida dunyoga kelgan. Asarda tadbirkorning hayot yo‘li — avtomobil ustasidan o‘z nomi bilan ataluvchi yirik korxona egasi bo‘lguniga qadar bosib o‘tilgan yo‘l haqida hikoya qilinadi.
Ma'lumot uchun Beyl bir necha marta ijro etgan rollari uchun vaznini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan. Bunga «Mashinist» filmidagi rolida 55 kilogrammgacha ozgani, «Qora ritsar: Afsonaning qayta tug‘ilishi» kartinasida esa 90 kilogrammga semirishiga to‘g‘ri kelganini misol qilib keltirish mumkin.