Jamiyat | 21:22 / 19.01.2016
6158
1 daqiqa o‘qiladi

22 yoshli qozog‘istonlik ayol 7 oylik qizini yolg‘iz tashlab ketdi

Qozog‘istonning Olmaota viloyatida yashovchi 22 yoshli ayol 7 oylik qizini yolg‘iz tashlab ketdi, deya xabar bermoqda viloyat IIB.

Xabarlarga ko‘ra, Qorasaroy tumani Irgeli qishlog‘ida yashovchi fuqaro politsiyaga murojaat qilib, ijarachi ayol go‘dagini vaqtinchalik boshpanasida qoldirib ketganini ma'lum qiladi.

Yetib kelgan operativ-qidiruv guruhi yig‘layotgan go‘dak ovozini eshitib, xona eshigini buzib kiradi va 7 oylik qizaloqni topishadi.

“Ma'lum bo‘lishicha, onasi tashlab ketgan qiz 2015 yil mayida tug‘ilgan. Tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida “kakku-ona”ning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olindi. U qo‘shni Iliyskiy tumanining 22 yoshli fuqarosi bo‘lib chiqdi”, - deyiladi IIB xabarida.
Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘otildi.

Tergov vaqtida go‘dak bolalar uyiga joylashtirilgan.