Sport | 12:46 / 19.01.2016
4069
2 daqiqa o‘qiladi

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi 2015 yilning eng yaxshilarini e'lon qildi

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi veb-saytida 2015 yil yakunlariga ko‘ra turli nominatsiyalar bo‘yicha yilning eng yaxshilari e'lon qilindi.

Jumladan, Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Osiyo olimpiya kengashining Bosh assambleyasida kurash 2018 yili Indoneziyada tashkil etiladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgani Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi voqeasi” deb topildi.

Endi kurash bir yo‘la uchta nufuzli musobaqa – 2016 yili Vetnamda o‘tkaziladigan Osiyo sohil o‘yinlari, 2017 yili Turkmanistonda bo‘ladigan yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari hamda 2018 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan joy oldi.

Eronda o‘tkazilgan kurash bo‘yicha X jahon chempionati “Eng yaxshi chempionat” deb topildi. Mazkur nufuzli musobaqada ellikdan ziyod mamlakatdan ikki yuzdan ortiq polvon g‘oliblik uchun bellashdi.

Chempionatda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan polvonlarimiz 5 oltin, 4 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Musobaqada vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan Davlat Abrayev “Yilning eng yaxshi kurashchisi”, chempionatga polvonlarni puxta tayyorlagan terma jamoamiz bosh murabbiyi Murod Do‘simbetov “Yilning eng yaxshi murabbiyi” bo‘ldi.

Janubiy Afrika Respublikasidan Galaksi Ekshon “Yilning eng yaxshi ayol kurashchisi”, vetnamlik Xok Tuan Ngayyen “Yilning eng yaxshi hakami”, Hindiston kurash assotsiatsiyasi “Eng yaxshi milliy federatsiya”, Yevropa kurash konfederatsiyasi “Eng yaxshi qit'a federatsiyasi”, Dominikan Respublikasida o‘tkazilgan Kurash oyligi “Eng yaxshi tashabbus”, deb topilgan.