O‘zbekiston | 17:44 / 21.01.2016
3411
2 daqiqa o‘qiladi

2015 yilda “UZ” hududidagi domenlar soni 130 foizga oshdi

“UZ” hududidagi domenlar soni 2016 yilning 1 yanvar holatida 25,2 mingdan oshdi. Bu 2015 yilning xuddi shu davriga nisbatan 130 foizga ko‘p demakdir.

Bu haqda 20 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2015 yildagi faoliyati sarhisobi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning borishi, istiqboldagi vazifa hamda loyihalarni belgilashga bag‘ishlangan Hay'at majlisida ma'lum qilindi.

Ayni kunda ro‘yxatdan o‘tgan davlat axborot resurslari soni 320 taga (o‘tgan yil shu davrga nisbatan o‘sish 123 foiz) va davlat axborot tizimlari soni 466 taga yetdi (o‘tgan yil shu davrga nisbatan o‘sish 155 foiz). Mazkur tizimlar davlat idoralariga interaktiv xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirishda muhim omil sanaladi.

Hay'at majlisida foydalanuvchilarning, ayniqsa yosh avlodning intellektual ehtiyojini qondiradigan, internetdagi faoliyatlarini samarali tashkil etishlariga xizmat qiladigan resurslar sonini oshirish yuzasidan tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni qabul qilish yuzasidan vazifalar belgilandi.