Sport | 11:09 / 21.01.2016
6317
2 daqiqa o‘qiladi

Sayfiddin Ermatov: "O‘zbekiston OTJni Nuraliyev boshqarishi kerak edi"

O‘zbekistonlik sobiq hakam, ayni paytda nazoratchi bo‘lib ishlayotgan Sayfiddin Ermatov olimpiya terma jamoasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

"Olimpiya terma jamoasining mag‘lubiyatlari kayfiyatimizni tushirib yubordi. Ularning ko‘rsatgan o‘yinlariga sira ham tushuna olmadim. Bizga g‘oliblik ruhi yetishmadi. Buning ustiga yanvarda mavsum hali boshlanmagani uchun ham yigitlarimiz musobaqaga yaxshi tayyorlana olmadilar. Bizda juda ko‘p "brak" to‘p uzatishlar bo‘ldi.

Odatda otni kechuvda almashtirishmaydi deb bejizga aytishmaydi. Albatta, rahbariyatning ishiga aralashmayman. Lekin bu yoshdagi futbolchilar bilan oldindan ishlayotgan murabbiylarning hech yo‘g‘i bittasini olib qolish kerak edi. Masalan, Dilshod Nuraliyevga jamoani topshirishsa yaxshi bo‘lardi. U futbolchilarning imkoniyatlarini, ularning past-balandliklarini boshqalardan ko‘ra yaxshi bilardi. Murabbiylar almashganidan keyin ular tarkibni yangilab yuborib to‘g‘ri ish qilishmadi. Poyezd ketib bo‘ldi, endi keyingi Olimpiadaga tayyorlanish kerak. Biz uchun orqaga yo‘l yo‘q. Milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishini uddalashi shart, - deydi Sayfiddin Ermatov "Futbol Ekspress" gazetasiga bergan intervyusida.