Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zolari yangi tahrirdagi «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘z munosabatlarini bildirishdi
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston XDP rasmiy saytida xabar berilgan.
"Avvalo aytish kerakki, mazkur qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan va kontseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlangan edi. Ayni paytda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish bo‘yicha fraksiyalar tomonidan takliflar tayyorlanmoqda.
13 yanvar kuni parlament Qonunchilik palatasidagi Demokratik kuchlar bloki yig‘ilishida qonun loyihasi muhokama etilib, qo‘llab-quvvatlandi hamda «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahrirda e'lon qilinishiga qaror qilindi. Biroq O‘zbekiston XDP fraksiyasi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida partiya Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, qonun loyihasidagi ayrim me'yorlar bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga ega ekanini ma'lum qildi.
Xo‘sh, masalaning mohiyati qanday? O‘zXDP fraksiyasi a'zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan takliflarning ahamiyati nimadan iborat?
Farhod UMAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zosi:
— Ushbu savollarga javob topish uchun ayrim ma'lumotlarga to‘xtalib o‘tish joiz. Amaldagi «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonun 1996 yilda qabul qilingan bo‘lib, buxgalteriya hisobini tashkil etish, xo‘jalik operatsiyalarini nazorat qilish, buxgalteriya hujjatlarini saqlash, moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etish tartibini qamrab olgan. Lekin Qonunning ayrim moddalari va normalarini qo‘llashda oxirgi yillarda qabul qilingan boshqa qonun hujjatlariga nisbatan nomuvofiqliklar kelib chiqyapti. Bu esa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda sudlar faoliyatida ma'lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiryapti.
Byudjyet kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan Qonunga 2013-2014 yillarda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar byudjyet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tartibga solish, boshlang‘ich hisob hujjatlari masalalarida ayrim yondashuvlarni o‘zgartirish va moliyaviy hisobot shakllarini qisqartirish imkonini berdi. O‘z navbatida, dinamik rivojlanayotgan demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zaruratini tug‘dirdi. Shuning uchun Qonunni yangi tahrirda qabul qilish ehtiyoji vujudga keldi.
Endi bevosita parlamentda muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga to‘xtalsak. Undan ko‘zlangan maqsad — qonundagi alohida moddalarni qayta ko‘rib chiqish, yangi va aniqlashtiruvchi me'yorlarni kiritish, shuningdek, buxgalteriya hisobi tizimi xalqaro tamoyil va standartlarga muvofiq tarzda yanada rivojlanishi uchun huquqiy sharoit yaratib berishdan iborat.
Qonun loyihasida qator masalalar ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, qonun loyihasida buxgalterlar jamoat birlashmalarining huquqiy maqomi, ularning buxgalteriya hisobi sohasidagi huquqlari («Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunga mos ravishda) ochib berilgan.
Bugungi kunda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishda 20 dan ortiq buxgalteriya milliy standartlariga amal qilib kelinayotgan bo‘lsa-da, amaldagi Qonun matnida ushbu standartlar haqida tushunchalar o‘rin olmagan. Qonun loyihasida bu boradagi nomuvofiqlikni bartaraf etish masalasi hisobga olingan. Shuningdek, «buxgalteriya hisobi» va «buxgalteriya axboroti» kabi tushunchalar alohida modda sifatida nazarda tutilmoqda.
Albatta, ushbu me'yorlar kelajakda buxgalteriya tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasiz. Aynan yuqoridagi sabablarga ko‘ra fraksiyamiz qonun loyihasini birinchi o‘qishda kontseptual nuqtai-nazardan qo‘llab-quvvatladi.
Lekin qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiyamiz a'zolari ayrim me'yorlar bo‘yicha partiyamiz Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, o‘z takliflarini bildirdi.
Qahramon MIRZAYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zosi:
— Bizning fikrimizcha, yangi tahrirda qabul qilinadigan qonun buxgalteriya tizimi bilan bog‘liq barcha munosabatlarni qamrab olishi, davlatimiz siyosatining muhim va ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi lozim. Qonun loyihasidagi ayrim me'yorlar esa ushbu tamoyilga to‘g‘ri kelmayapti. Misol uchun, qonun loyihasida majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim bo‘lgan buxgalteriya hisobi sub'yekti buxgalteriya xizmatining rahbari oliy ma'lumotga ega bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Ma'lumki, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mutaxassisligi bo‘yicha bandligini ta'minlashga qaratilgan siyosat partiyamiz Saylovoldi dasturidan alohida o‘rin olgan. Shu bois yuqoridagi me'yor mamlakatimiz kasb-hunar kollejlarini buxgalteriya mutaxassisligi bo‘yicha bitirayotgan ko‘plab umidli yoshlarimizning huquqlarini cheklaydi, imkoniyatlarini qisqartiradi, deb hisoblaymiz. Taklifimiz shundan iboratki, buxgalteriya xizmatining rahbari bo‘lish uchun oxirgi besh kalendar yilidan kamida uch yili buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bog‘liq ish stajiga ega bo‘lishning o‘zi yetarli. Qonunga bu masalada qo‘shimcha talab kiritishning zarurati yo‘q.
Sahobiddin ARZIQULOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zosi:
— Bundan tashqari, qonun loyihasiga ko‘ra, barcha buxgalteriya hisobi sub'yektining buxgalteriya hisobi xizmati rahbarlari uch yilda bir marta malaka oshirishdan o‘tishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari taklifiga asosan mas'ul qo‘mita tomonidan ushbu me'yorga faqatgina auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim bo‘lgan buxgalteriya hisobi sub'yektining buxgalteriya hisobi xizmati rahbarlariga nisbatan qo‘llanilishini nazarda tutadigan o‘zgartirish kiritildi. Bu esa majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim bo‘lmagan korxona va tashkilotlar buxgalteriya xizmati rahbarlarining o‘z ustida ishlamasligiga, iqtisodiyotimizda, moliya va soliq sohalarida bo‘layotgan o‘zgarishlardan bexabar qolishlariga olib kelishi, natijada buxgalteriya hisobi yuritilishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Shuning uchun qonun tashabbuskori (Vazirlar Mahkamasi) tomonidan kiritilgan me'yor qonun loyihasida qoldirilishi lozim, deb o‘ylaymiz.
Zulayho AKRAMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a'zosi:
— Shu o‘rinda yana bir masalaga e'tibor qaratish joiz. Partiyamiz Jamoatchilik qabulxonalariga elektoratimiz hisoblangan pensionerlardan tushayotgan qator murojaatlarda yoshga doir nafaqaga chiqish uchun talab etiladigan ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olishda qiyinchiliklar kelib chiqayotgani aytilmoqda.
Bunday holatlar, ayniqsa, liberal-demokratlarning asosiy tayanchi bo‘lmish xususiy sektorga taalluqlidir. Korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlarida ish staji, ish haqi miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar doimiy yoki to‘liq saqlanmaslik holatlari yo‘q emas. Xuddi, shuningdek, tugatilgan korxonalarda yuritilgan tegishli moliyaviy hujjatlar arxivga topshirilmay qolgan holatlar mavjud. Bu esa ayrim hollarda fuqarolarga pensiya miqdorini tayinlashda muayyan qiyinchiliklar, anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Qonun loyihasining «Buxgalteriya hujjatlarini saqlash» nomli moddasida buxgalteriya hujjatlari hisobot yilidan keyin kamida besh yil muddat mobaynida saqlanishi ko‘rsatilgan. Yuqoridagi kabi holatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida buxgalteriya hujjatlarini saqlash muddatini qayta ko‘rish, shuningdek, tugatilayotgan korxonalarning moliyaviy hujjatlarini aynan mana shu qonun bilan arxivlarga topshirish majburiyatini yuklashimiz lozim, deb hisoblaymiz.
Bu mulkchilik shaklidan qat'i nazar, ish beruvchilarning xodimlarning huquq-manfaatlari bilan bog‘liq hujjatlarni bekamu-ko‘st saqlash bo‘yicha mas'uliyatini oshirishga, sarson-sargardonchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Fraksiyamiz a'zolarining fikricha, qonun loyihasida keltirilgan «ichki nazorat» haqidagi me'yor bevosita «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning obekti emas. Mulkiy shakli, tarkibi, moliyaviy operatsiyalari hajmidan kelib chiqib, ushbu jarayonni har bir korxona ichki hujjatlarida aks ettirishi kerak. Shuningdek, qonun loyihasida xo‘jalik yurituvchi sub'yekt va uning buxgalteriya xizmati rahbari o‘rtasida yuzaga kelgan nizoning hal etilishi va javobgarlikning taqsimlanishi bilan bog‘liq me'yor belgilanmoqda. Fraksiyamiz a'zolarining ta'kidlashicha, bu masala ham har bir xo‘jalik yurituvchi sub'yektning ichki tartib-qoidalari bilan belgilanishi lozim.
O‘zXDP fraksiyasi a'zolari yuqoridagi takliflar qonun loyihasini yanada takomillashtirishga, kelgusida buxgalteriya hisobining shaffofligini, ichki nazorat tizimini ta'minlashga, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlari va buxgalterlarning huquqiy mas'uliyatini kuchaytirishga, shuning bilan birga, mazkur sohada qonunbuzilish holatlarining oldini olishga xizmat qilishini alohida ta'kidlashdi.
Yig‘ilish so‘nggida masalaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini hisobga olib, qonun loyihasini jamoatchilik, buxgalterlarning professional birlashmalari, moliya va iqtisodchi mutaxassislar, biznes vakillari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar vakillari ishtirokida keng muhokamadan o‘tkazishga kelishib olindi.