Sport | 18:44 / 25.01.2016
5016
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik investor "Marsel"ni sotib olishi mumkin

Fransiya oliy divizionida ishtirok etuvchi jamoalardan biri, "Olimpik Marsel" qozog‘istonlik tadbirkor qo‘liga o‘tishi mumkin. Bu haqda G‘arbdagi bir qator nashrlar jamoaning marhum xo‘jayini bo‘lgan Robert Lui-Dreyfusning sobiq maslahatchisi Luis Akaresga asoslanib, xabar tarqatishgan.

"Men xaridor topdim. Lekin bu savdo amalga oshishi uchun vaqt kerak. Tomonlar muzokara o‘tkazishmoqda. Bu borada Margarita Lui-Dreyfusning o‘zi qaror qabul qilishi kerak. U yakuniy qarorni e'lon qilishdan oldin meni xabardor qilsa kerak. Hech kim sog‘in sigir bo‘lishni istamaydi. Jamoani sotib yuborish ham oson ish emas", deydi manba.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jamoaga talabgorlar orasida Kuvayt va Xitoy vakillari ham bor.

Taniqli sport jurnalisti Per Menezning qayd etishicha, jamoani sotish bo‘yicha muzokaralar qariyb 10 yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda.

"Lui-Dreyfusda ham jamoani sotish fikri bo‘lgandi. Uning bevasining niyati haqida bilmayman. U jamoani sotishga majbur emas. Balki, u marhum turmush o‘rtog‘ining xotirasi haqqi jamoani olib qolishni istar... "Marsel"ning sotilishi haqida ancha vaqtdan buyon mish-mishlar bo‘lib keladi. Lekin munosib xaridor topilsagina, jamoani sotsa bo‘ladi", deydi Menez.

Ba'zi nashrlarda qayd etilishicha, jamoaning narxi 100 mln yevro atrofida.