Tohir Malik: "Futbolchilarni tanqid qilishda davom etaman"
Kun.uz sayti va «Yangi kitob» nashriyoti uchun maxsus intervyu.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikni ko‘pchilik adib sifatida yaxshi biladi. Yaqinda esa u kishining kitoblar taqdimotida futbol haqida keskin gapirgani e'tiborni tortdi. Adibning qisqa va lo‘nda fikri jamoatchilik orasida qiziqishga sabab bo‘ldi. Zotan, ko‘pchilik Tohir Malikning futbolga moyilligini bilmas edi-da! Biz ustoz adibning xonadonida mehmon bo‘lib, aynan shu sport turi borasida suhbat qurdik. Tohir aka anchayin ochiq va achchiq fikrlar bildirdilar...
– Tohir aka, birinchi savolimiz yaqinda sizning futbolchilar haqida bildirgan fikringiz bilan bog‘liq. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim futbol fanati ekanligini bilardik, ammo siz ham futbol uchun kuyinishingizdan bexabar ekanmiz. Futbolchilar haqidagi keskin xulosangiz aynan ularning mag‘lubiyati sabab bo‘ldimi?
T.M. – Usmonjonning sportga, xususan, futbolga qiziqishini 70-yillardan beri bilaman. U Germaniyadagi harbiy xizmatdan qaytgach, Respublika radiosining adabiy eshittirishlar tahririyatiga ishga kelgan edi. Bu paytda uning qadrdoni Erkin A'zam ham mazkur joyda edi. Erkin bilan adabiyotga doir masalalarda suhbatlashish maroqli edi. Usmon bilan esa ko‘proq sport haqida suhbatlashardik. U xizmatga kelishi bilan kutubxonaga kirardi, birinchi galda “Sovetskiy sport”ni o‘qirdi. Eng muhimi, Usmonjon faqat “fanat” emas, yaxshigina futbolchi ham edi. U bilan birga Teleradio jamoasida birga “to‘p surganmiz”. Yozuvchilar orasida “fanat”lar ko‘p edi. Masalan, mening tog‘am – Mirzakalon Ismoiliy, bironta futbol tomoshasini qoldirmasdilar. Tog‘am futbolni “sport” emas, “san'at” deb baholardilar. “Paxtakor” “Qayrat” bilan o‘ynagan kuni Olmaotaga ham borardilar. “Paxtakor” yutqizib qo‘ysa, Olmaotadan Toshkentga qaytib kelguncha to‘xtovsiz so‘ksalar-da, xumordan chiqmasdilar. “Paxtakor” yutqizgan kuni yoki ertasiga tog‘amga uchramaslikka urinardim. Meni ko‘rishlari bilan “Senlar qanaqasanlar, o‘zi!” deb tanqid o‘qlarini yog‘dira boshlardilar. Go‘yoki men “Paxtakor”ning asosiy o‘yinchisiman-u, komanda mening yalqovligim uchun yutqizganday.
Bu tanqidlar bejiz emasdi. “Paxtakor”ning ayrim o‘yinchilari bilan yaqinligim, hatto qarindoshligim bor edi. Bo‘sh paytimda uyimizga yaqin bo‘lgan “Chig‘atoy” mashq maydoniga borib turardim. Mashq paytida begonalarni yaqinlashtirishmasdi. Lekin gazetaning sport bo‘limida ishlaganim, To‘lagan Isoqovning qarindoshim ekani, bu joydagi oshxonada do‘stim Sultonning ishlashi tufayli kaminaga to‘siq yo‘q edi. Ijodkorlardan professor Laziz Qayumovning ham “fanat” bo‘lganlarini eshitganman. Agar “Paxtakor”ning o‘yini dars paytiga to‘g‘ri kelib qolsa, talabalarni o‘sha yoqqa boshlab qolar ekanlar. Shoir Xayriddin Saloh ham futbolga qiziqar edilar. Mening bolalar komandasi tuzganimni eshitib, “biz ham borib turaylik, yugurib oyoqlarni chigilini yozaylik”, degandilar. Bir kunni tayin ham qilgandilar. Ammo o‘sha kuni shoirning fojiali o‘lim topganini eshitdik...
Usmon Azimning futbol o‘ynaganini aytdim. Erkin A'zam, Tog‘ay Murod ham yaxshi o‘ynashardi, lekin astoydil qiziqishmasdi. Saksoninchi yillarda yozuvchilarning futbol komandasini tuzgan bo‘ldim. Eskijo‘vadagi “Spartak” stadionida (hozir buzib yuborilgan), ba'zan “Paxtakor” stadionining mashq maydonida shug‘ullanardik. Shukur Qurbon, Tohir Qahhor, Xurshid Do‘stmuhammad, Nurali Qobul, Hamza Imonberdiyev, Olim Otaxon, Toyir Yunus, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Alisher Maqsumov, Bahodir Murod Alilar kelib turishardi. Barchalarida futbolga doir qobiliyat bor edi. Agar bolaliklarida futbol maktabida shug‘ullanganlarida ularning nomini buyuk futbolchilar qatorida o‘qishimiz mumkin bo‘lardi. Men bu gapni osmondan olayotganim yo‘q, bolalar futboli bilan shug‘ullanganim uchun futbolchining qobiliyati bormi, yo‘qmi, ajrata olaman. Kaminaga kelsak, to‘p tepishim o‘rtadan pastroq darajada edi. Ijodkor do‘stlarim mashq o‘yinlarida ham asabiylashardilar, men esam o‘yin paytida ham hazil-huzul qilishni yoqtirardim. Chunki biz bu yerga kun bo‘yi xizmatda orttirgan asabiy holatimizdan chiqish uchun kelardik.
Rasmiy yoki o‘rtoqlik uchrashuvlar ham bo‘lib turardi. Yodimda qolgani: jurnalistlar komandasiga yutqizib qo‘ygandik. Chunki ular bizdan yosh va chaqqonroq edilar. Jamoalarida qadamidan o‘t chaqnab turgan o‘ttizdan ziyod yigit bor edi. Yozuvchilar esa jamoani arang 11 kishiga yetkazgandik. Shunga qaramay, “Paxtakor”ning veteranlari bilan ham uchrashganmiz. Hozirgi “Bunyodkor” stadioni o‘rnida “Mehnat rezervlari” stadioni bo‘lardi. Tuppa-tuzuk stadion edi. Negadir buzib tashlashdi, afsus. Xullas, o‘sha stadionda veteranlar bilan yozuvchilar “kuch sinashganlar”. Kamina xastaligim tufayli borolmagandim. Shubhasiz, yozuvchilar yutqizishgan. O‘shanda “Men o‘ynamaganim uchun yutqizdinglar”, deb hazillashganimda “Tohir aka, rosa maqtanchoqsiz-da”, deyishdi. Shunda dedimki: “Men zo‘r o‘ynab, “Paxtakor” darvozasiga beshta to‘p uraman, deb maqtanmayapman. Pachoq o‘yinchi ekanimni o‘zim ham bilaman. Endi aytinglar: uchta to‘pni To‘lagan Isoqov urdimi? Ha, barakalla! To‘lagan mening yaqin qarindoshim. Men ham o‘yinga tushganimda yo uni chalg‘itib turardim, yo “to‘p urmay qo‘ya qol”, deb iltimos qilardim...”
Mashqlardan birida tobim qochdi. Bir amallab uyga yetib keldim. “Tez yordam” chaqirishdi. Yuragimga quloq solib, shoshib qolishdi. Bilak tomirimga em ignasi sanchishganini bilaman, qolgani yodimda yo‘q. Ertasiga o‘zimga keldim. “Yugurmaysiz, egilmaysiz, uch kilodan og‘irroq yuk ko‘tarmaysiz”, degan hukmni bildirishdi. O‘shandan beri shu hukm ostida yashab kelyapman.
– Ha, futbol o‘ynab yurgan odamga bu oson emas. Ammo siz futbolni uzil-kesil tugatmagan bo‘lsangiz kerak?
– Men to‘p tepmasam ham futboldan uzoqlashganim yo‘q, ta'bir joiz bo‘lsa, yuragimning bir chekkasi futbolga ulangan. Dunyo futbolini, xususan, o‘zimiznikini ham kuzatishga vaqt topaman. Pele va Garrinchadan tortib, Messiga qadar barcha zo‘r futbolchilarning mahoratidan zavqlanganman, zavqlanyapman. “Paxtakor”ning ayrim o‘yinlaridan g‘azablanardim, hozir ham g‘azablanib turaman. Avvallari futbol muxlislarini faqat “Paxtakor” yutqiziqlari “kuydirardi”. Endi terma komandalarimizdan tortib, “Bunyodkor”-u “Nasaf”gacha biri olib-biri qo‘yib, yuraklarimizni kuydirib turibdi, baraka topgurlar. Xullas, bu borada zerikishga vaqt yo‘q.
Futbol keskin tarzda o‘zgaryapti. Bulturgi uslub bu yilga to‘g‘ri kelmayapti. O‘yinchidan ham, trenerdan ham doimiy o‘zgarish, o‘sishni talab qilyapti. O‘zbekiston futboli aynan shu talabni anglab yetmayapti. To‘g‘ri, intilish bor. Futbolchilarga jannatiy sharoitlarni yaratib berishyapti. Hatto taltaytirib yuborishyapti. Lekin... natija yo‘q. Televizorda sportchilar “O‘zbekistonni dunyoga tanitamiz”, deb qolishadi. Ajablanaman. Deylik, futbolchilarimiz jahon chempionatiga borishdi. Qanday tanishtirishadi? “Milliy komandasi 15:0 ga yutqizadigan O‘zbekiston degan mamlakat bor ekan”, deb tanitishadimi? Gapim qo‘polmi? O‘zingiz ayting, Jahon birinchiligida ishtirok etgan taqdirda O‘zbekiston futbolchilari Argentina terma komandasiga qanday hisobda yutqizishlari mumkin? Ruslarning bir ashulasi bor, bilarsiz: “Kakaya bol, kakaya bol: Argentina-Yamayka pyat nol!” Bizning ahvolimiz Yamaykadan ham battar bo‘lishi aniq emasmi?
Yigitlarni moddiy tomondan haddan tashqari erkalatishyapti-ku, lekin ma'naviy tomoni unutilayotganga o‘xshaydi. Futbolchilarda millat ruhi yo‘q, Vatanni sharaflash ruhi yo‘q. Buni O‘zbekiston madhiyasini aytishayotganda ham sezish mumkin. Loqaydlik bilan lablarini qimirlatib turishadi. Yurakdan, faxrlanib aytishmaydi. O‘yin ham shunga yarasha. O‘zbek futboliga xos eng yomon kasallik – futbolchilar kibr va manmanlik, shuhrat va o‘ziga oro berish kasaliga tez chalinishadi. Aynan shu xastalik ularning o‘sish yo‘llarini to‘sadi. Hozir mashqlar asosan xorijda bo‘lyapti. Yigitlar kunda necha soat mashq qilishadi-yu, necha soat bozoru do‘kon izg‘ishadi, bu savolga javob topish uncha qiyinmas. Toshkentga qaytishgandagi yuklariga bir nazar tashlash kifoyadir. “Ham ziyorat, ham tijorat”, degan maqol bekorga aytilmagandir.
Intilish bo‘lyapti, dedim. Durust. Xalqimizda “Yetti o‘lchab bir kes”, degan maqol bor. Nazarimda, futbol mutasaddilari kesishdan oldin bir marta ham o‘lchamayaptilar shekilli. Oddiy misol: jamoalarga xorijlik futbolchilarni olib kelishdi. Ular nima karomat ko‘rsatishdi? Diqqat qilib kuzataylik, ulardan o‘zimizning yigitlar tuzukroq o‘ynashadi. Ularga to‘langan pulni o‘zimiznikilarga berib, talabni kuchaytiraylik-chi? “Bunyodkor”ga Rivaldoni olib kelishdi. Shu qadar nodonlik ham bo‘ladimi?! Siqib tashlagan anorni dehqon bozorida kim oladi? Futbol bozorida esa biz olaveramiz, boymiz-da! Pulimiz ariqlarda oqyapti-da! Rivaldo hammani ahmoq qilib, cho‘ntagini pulga to‘latib jo‘nab qoldi. U yigitlarimizga mahoratini o‘rgatishi kerak edi, aksi bo‘lib chiqdi: yigitlarimiz unga arzimagan turtkiga yiqilib, yotib olishni o‘rgatishdi. Rivaldo bizga futbol o‘ynash uchun emas, maydonda yonboshlab yotish uchun kelgan ekan. O‘shanda mana bu hazil reklamani to‘qigan edim: “Yotib olib futbol o‘ynamoqni o‘rganishni istasangiz, O‘zbekistonga keling. Ham arzon, ham yoqimli!”
Yana bir gap: jamoaga Skolarini olib kelishdi. O‘zingiz ayting, dunyodagi eng mahoratli oshpazga mastavaning masallig‘ini berib, palov damlab bering, deyish kulgili emasmi? Skolari emas, zo‘rrog‘i kelganda ham undan ortiq ish qilolmasdi. O‘shanda muttasaddilar ishni chala qilishdi-da! Ehtimol pullari yetmagandir? Skolariga qo‘shib, Argentinadan to‘rtta, Braziliyadan uchta, Urugvay bilan Chilidan ikkitadan “dodaxo‘ja” o‘yinchi olib kelishganda Osiyo birinchiligining guruh bosqichidan chiqa olgan bo‘larmidik. Agar mening bu fikrim ma'qul tushsa, pulga xasislik qilishmasin-u, Ronaldo, Ibragimovich, Myullerni ham olib kelishsin, har holda “zaxira o‘rindig‘i”da o‘tirishga ham odam kerak-ku? “Bizning yigitlar nima qiladi”, deysizmi? Ular ham bo‘sh qolishmaydi: Mirjalol Qosimov rahbarligida chetga chiqib ketgan to‘plarni ushlab, uzatib turib, Messi yo Neymarning duosini olishadi.
Endi hazilni bas qilib, jiddiy gapga o‘tsak, yigitlarimiz orasida chinakam mahorat egalari ham bor. Ammo ular sal ko‘zga ko‘rinsa, chetga chiqishni ko‘zlaydigan bo‘lishgan. Bundan O‘zbekiston futboliga moddiy manfaat bormi yo yo‘qmi, aniq bilmayman. Lekin bir narsa aniq: ular (Ahmedov va Denisovdan tashqari) past darajadagi komandalarda o‘ynab, bizda topgan mahoratlarini tushirib qaytyaptilar. Umuman, men sportchilarning (butun dunyo sportchilarini nazarda tutyapman) boshqa mamlakatlarga borib o‘ynashlariga qarshiman. Har bir mamlakatning futbolchisi o‘z yurtida o‘ynasin, o‘z yurti sharafini ko‘tarsin. Hatto, Messi Argentinada, Ronaldo Portugaliyada o‘ynasin.
Ayting-chi, “Barselona”, “Real” (Madrid)ni “Ispan futboli, “PSJ”ni “Frantsuz futboli” deb atay olamizmi? “Real” Yevropa chempionlar ligasida g‘alaba qozonsa, Ispaniyaning yutug‘i hisoblanadimi? Mabodo Messi bilan Ronaldo Ispaniya fuqaroligini qabul qilgan taqdirda ham bunday deya olmaymiz. Har bir millat o‘z farzandlari bilan faxrlansin, boshqa gap yo‘q!
1972 yil edi shekilli, men Donetsk shahriga, bolalarning musobaqalarini kuzatish uchun borgan edim. O‘sha kunlari “Paxtakor” “Dinamo” (Moskva)ga 8:0 hisobida yutqizib qo‘ydi. Gruziya komandasining treneri bilan do‘stlashib qolgan edim. U bu xabarni aytib, hazil aralash masxara qildi. Men vaziyatdan chiqish uchun “Nima bo‘pti, bitta rus komandasi ikkinchi rus komandasini yutibdi-da, buning o‘zbeklarga aloqasi yo‘q”, dedim. Ittifoqo, keyingi o‘yinda “Paxtakor” Toshkentda Tbilisi “Dinamo”sini 5:0 ga yutdi. Gruzin treneriga ro‘para bo‘lganimda u gap boshlashimni kutmayoq, “Dinamo”ni senlar yutmading, o‘zbeklarga aloqasi yo‘q”, deb og‘zimni yumib qo‘ya qoldi.
Anvar Namozov suhbatlashdi
Davomi bor.