Tramp hayotdagi asosiy prinsipi "qonga qon, jonga jon" ekanligini aytdi
Injildan Donald Trampning fe'l-atvori shakllanishiga ta'sir qilgan asosiy iqtibos "qonga qon, jonga jon" hisoblanadi. Bu haqda milliarder 14 aprelda Rochesterdagi (Nyu-York shtati) WHAM-1180 radiostansiyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Boshlovchining Trampning fe'l-atvori yoki qarashlari shakllanishiga ta'sir qilgan Injildan biror-bir sevimli iqtibosi yoki undan olingan hodisa borligi haqidagi savoliga milliarder bunday iqtiboslar ko‘pligini aytdi. "Biz Injil haqida gapirganda, bunday narsalar ko‘p, juda ko‘pdir. Va kimlargadir bu ibora "qonga qon, jonga jon" iborasi deyish mumkin", deb aytdi Tramp.
Tramp shu munosabat bilan AQSh o‘z manfaatlarini himoya qilishi kerakligini aytdi: "Men shuni nazarda tutmoqdamanki, bizning davlat bilan bo‘layotgan vaziyatga, ba'zilar bizdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishlariga, bizning ustimizdan mazah qilayotgan va kulayotganlariga qarash kerak. Biz juda qat'iy va kuchli bo‘lishimiz lozim", deb aytdi AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Tramp.
Tramp bu mavzuni AQSh qurolli kuchlarining hozirgi jangovar tayyorligini tanqid qilib, mart oxirida The New York Times va boshqa OAV bergan intervyusida ko‘targan edi. "O‘z vaqtida biz qudratli qurolli kuchlari va har tomonlama jangovar imkoniyatlarga boy davlat bo‘lganmiz. Hozir biz bunday davlat emasmiz. Bizning yadroviy arsenalimiz ayanchli holatda. Harbiylar hattoki u ishlash-ishlamasligini ham bilmaydilar", deb aytgandi.