Neymar «Valensiya» himoyachisi Barraganga tarsaki tushirgani uchun diskvalifikatsiya qilinishi mumkin
«Barselona» hujumchisi Neymar Ispaniya chempionatining 33-turida «Valensiya»ga qarshi uchrashuvda (1:2) raqiblar himoyachisi Antonio Barraganning yuz qismiga shapatilagani uchun diskvalifikatsiya qilinish xavfi ostida qolmoqda.
Goal.com nashri xabariga ko‘ra, hakam hushtagi chalingach, Barragan o‘z sheriklari bilan g‘alabani nishonlashga kirishgach, Neymar ortdan kelgan va futbochlining bo‘yniga kafti bilan urgan. Barragan unga javob qaytarmoqchi bo‘lgan, ammo uni sheriklari bu ahdidan qaytarib, uni braziliyalik futbolchining yonidan olib ketishgan.
O‘yin hakami bu vaziyatni ko‘rmay qolgan, ammo o‘yinning videoyozuvlarini ko‘rib chiqish orqali postfaktum tarzida Neymarga diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkin.
Qayd etish kerakki, Neymar va Barraganning tarang munosabatlari Ispaniya Kubogi yarim final dastlabki bahsida, «Barselona» 7:0 hisobida «Valensiya»dan ustun kelganida vujudga kelgandi. O‘shanda Neymar ispaniyalik himoyachiga undan 10 barobar ko‘proq daromad olishini aytib, uning ustidan kulgan edi.