Jahon | 14:19 / 20.04.2016
3396
2 daqiqa o‘qiladi

Google Play’da ko‘p yuklab olinuvchi dasturlar reytingi e'lon qilindi

Hozirgi kunda Google Play Store do‘konida ikki milliondan ortiq turli ko‘rinishdagi dasturlar va o‘yinlarni uchratish mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, olti yilcha muqaddam Android uchun bor-yo‘g‘i 30 mingta ilova mavjud edi. Sensor Tower tadqiqot firmasining hisobotiga muvofiq, joriy yilning birinchi mavsumida Google Play’dan 11,1 milliarddan ortiq dasturiy ilovalar yuklab olingan. O‘tgan yil bilan solishtirganda bu ko‘rsatkich 6,7 foizga ortgan.

Play Store’dagi o‘yinlar soni mavjud dasturlar miqdoridan 5 barobar ko‘proq bo‘lib, o‘yinlarni yuklab olish hajmi bir yil ichida bor-yo‘g‘i 1 foizgagina ko‘tarildi. Eng tez rivojlanayotgan ilovalar safida “Fotosuratlar” (20 foiz) yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, soni bo‘yicha eng ko‘p yuklab olingan dastur - Facebook Messenger hisoblanadi.

Reytingning keyingi pog‘onalarida Facebook, Snapchat, Candy Crush Jelly Saga va Pandora ilovalarini ko‘rish mumkin. Instagram yettinchi o‘rinni egallagan bo‘lib, WhatsApp esa o‘n ikkinchi o‘ringa tushib ketgan.

Shuningdek, o‘yinlar orasida hanuz Subway Surfers yetakchilikni qo‘ldan boy bermadi.