O‘zbekiston | 16:40 / 14.05.2016
11588
2 daqiqa o‘qiladi

Mavsum oldidan shakar ishlab chiqarish hajmi oshirildi

Davlat Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan mavsumoldi shakar mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshishini hisobga olgan holda, iste'molchilarni yetarli darajada mahsulot bilan ta'minlash, mahsulotning sun'iy tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etish maqsadida amaliy ishlar bajarilmoqda.  

Xususan, shakar ishlab chiqaruvchi “Xorazm shakar” AJ QK hamda “Angren shakar” MChJ XKlariga mavsumoldi shakar mahsulotlarini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan. 

Kuzatuvlarga ko‘ra amalga oshirilgan ishlar davomida joriy yilning yanvar-aprel oylarida ishlab chiqarilgan shakar mahsuloti hajmlari, o‘sish surati  o‘tgan yilning shu oylariga nisbatan 118,6 foizni tashkil etgan. 

2016 yilning may-avgust oylarida har oy uchun o‘rtacha birja savdolariga qo‘yiladigan mahsulot hajmlari o‘tgan aprel oyiga nisbatan 1,6 marta ko‘proq mahsulot qo‘yilishi rejalashtirilgan. 

Bugungi kunda Respublikaning barcha hududlarida, shu jumladan, Toshkent shahrida 1 kg shakarning ulgurji narxi 3200 so‘mni tashkil qilgan. Yirik supermarketlarda iste'molchilarga qulay bo‘lishi uchun 1 kg, 2 kg va 5 kg qadoqlangan holda shakar savdosi tashkil qilingan bo‘lib, ularning chakana narxi 1 kg uchun 3700 so‘mdan oshmasligi ta'minlangan.

Joylardagi savdo korxonalarining shakar mahsulotini belgilangan narxlardan yuqori bo‘lmagan narxlarda sotilishi qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib kelinmoqda.