Jamiyat | 14:14 / 14.05.2016
10686
3 daqiqa o‘qiladi

Ulfatchilik oqibatida bir inson hayotdan ko‘z yumdi

Umarjon (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) kechki uyida ochgan oshxonaga kirib keldi. Xo‘randalar siyrak, shu bois oshxona egasi Akramjon qo‘shni yigitning taklifiga yo‘q, demadi. Umarjon piyolaga aroq quyib uzatganida qaytarmadi. Achchiq-chuchuq bilan gazak qilib o‘tirishdi. Kabobpaz dasturxonga kabob keltirib qo‘yib, ortiga qaytdi.

Kayfi taroq Umarjon yomon so‘kindi. “Tur, yo‘qol”, deya haydab solgan Akramjon bilan mushtlashdi, ko‘zini ko‘kartirdi. Rasuljon ularni ajratib, qo‘l telefonida hamon o‘zini bosa olmay so‘kinayotgan Umarjonning akasini chaqirdi. Usmon aka yetib kelib, ukasini tashqariga sudradi. Tashqarida oshxona egasi – Akramjonning o‘g‘li, ukalari, Usmon akaning o‘g‘illari to‘plangan, kim haq, kim nohaq, urishni kim boshladi, muhokama qilishayotgan edi. Ko‘z osti ko‘kargan Akramjonni ichkari uyga olib kirib ketishdi. Usmon aka Umarjonni o‘g‘illariga qoldirib, shu yaqinda turadigan, ikki uch marta qamalib chiqqan Akmaljonning uyiga bordi, ukasining qilmishi uchun undan uzr so‘radi. 

 - Ukam sizning ukangiz bilan janjallashib qolibdi, - deya mojaro gazaklashib ketishining oldini olishga tirishdi. – Ikkalasiyam mast, ertaga sog‘liklarida gaplashamiz, yarashtirib qo‘yamiz.

Muqaddam to‘rt marta jinoyatga qo‘l urib sudlangan, so‘nggi axloq tuzatish ishlari jazosini yaqinda o‘tab bo‘lgan ellik uch yashar Akmaljonning ham kayfi taroq, aroq ichib olgan, gap uqadigan ahvolda emasdi. O‘zicha, ukamga qo‘l ko‘targanni sog‘ qo‘ymayman, deya oshxona pichog‘ini qo‘yniga yashirib, Usmon akaning ortidan ko‘chaga chiqdi. Besh-olti kishi to‘planib turgan oshxonaga yaqinlashdi. Hamon og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan  Umarjonga xezlandi. Chap ko‘kragiga bir marta pichoq sanchib oldi. Yigit ko‘ksini changallaganicha o‘n-o‘n besh qadam tashlab yiqildi. Gap talashayotgan yigitlarni tinchitishga uringan Usmon aka ortiga o‘girilganida ukasi yuztuban yotardi. Yo‘lovchi “Damas” mashinasini to‘xtatdi. Shifoxonada vrachlarning muolajalari zoye ketdi. Yuragidan jarohat olgan Umarjon oradan to‘rt soat o‘tib vafot etdi. Tuzalish yo‘liga o‘tmasdan takroran jinoyatga qo‘l urgan, birovning umriga zomin bo‘lgan Akmal Ma'murovga sud uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.