Xovan qabristonining ishdan bo‘shatilgan direktori hibsga olinishi mumkin
Moskva sudi ommaviy mushtlashuv yuz berganidan keyin Xovan qabristoni rahbarligidan chetlatilgan sobiq direktor Yuriy Chabuyevni hibsga olish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda RIA Novosti agentligi huquq tartibot organlaridagi manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.
Bu bo‘yicha qaror 15 soat ichida qabul qilinishi kutilmoqda.
Shaharda 14 may kuni qabriston xizmatchilari bo‘lgan o‘rta osiyolik muhojirlar hamda kavkazliklar ishtirokida ro‘y bergan mushtlashuvdan keyin, Xovan qabristoni rahbari egallab turgan lavozimidan chetlatilgandi.
Ommaviy mushtlashuvdan keyin Moskva shahridagi politsiyachilar poytaxtdagi 78ta qabristonning xo‘jalik faoliyatini qattiq tekshiruvdan o‘tkazadigan bo‘ldi.
Moskva IIV rahbariyati ma'lumotiga ko‘ra, Xovan qabristonidagi ommaviy mushtlashuvda 200ga yaqin kishi ishtirok etgan, ulardan 50 nafari voqea joyida qo‘lga olingan. Ayni damda mushtlashuvda ishtirok etishda ayblanib qo‘lga olinganlar soni 112 nafarni tashkil qilmoqda.
Moskva shahar sog‘liqni saqlash departamenti xabariga ko‘ra, mushtlashuv oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 23 kishi kasalxonaga yotqizilgan, jarohatlanganlar orasida 4 kishining ahvoli og‘ir. Manbalarning ma'lumotlariga ko‘ra, janjal qabriston hududini "bo‘lib olish" payida bo‘lganlarning o‘zaro kelishmovchiligi asosida ro‘y bergan.
Qotillik holati yuzasidan Rossiya Tergov Qo‘mitasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
RIA Novosti ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning teng yarmi migratsiya qonunchiligini buzgani va huquqbuzarlik holatini sodir etgani uchun deportatsiya qilinishi mumkin.
"Ayni vaqtda qo‘lga olinganlar soni 110 nafardan ko‘p. Ulardan 12 kishi umuman hech qanday hujjatga ega emas, 30 kishi esa qonunga xilof ravishda mamlakat hududida yashab yurgani aniqlandi. Qo‘lga olinganlarning shaxsi tiklanib, jinoyatlarga aloqadorligi o‘rganilgach, deportatsiya qilinishi uchun sudga yuboriladi”, — deyilgan xabarda.