Banderas erkaklar uchun liboslar kolleksiyasini namoyish qildi
Aktyor va prodyuser Antonio Banderas Skandinaviyaning Selected brendi bilan hamkorlikda yaratgan o‘zining ilk liboslar to‘plamini namoyish qildi. Taqdimot Londondagi Rosewood mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi WWD. Unda kuzgi-qishki mavsumga mo‘ljallangan erkaklar liboslari namoyish etildi.
Kolleksiyadan charm kurtkalar, bleyzerlar, shimlar, ko‘ylaklar, jins matoli kiyimlar, shuningdek kashmiridan yaratilgan liboslar va trikotaj kardiganlar o‘rin olgan. Kolleksiya chakana savdoga avgust oyida chiqariladi, narxlar 28 dollardan (maykalar) 485 dollargacha (baykerlar kurtkasi) bo‘lgan qiymatni tashkil etadi.
Aktyor Britaniyadagi Central Saint Martins kollejida dizaynerlik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. O‘tgan yilning yoz mavsumida Banderas kiyim tikish bo‘yicha bir oylik kursni tamomladi.
Antonio Banderasning katta ekrandagi debyuti 1982 yilda amalga oshgan - rejissyor Pedro Almodovar uni o‘zining "Ehtiroslar labirinti" filmiga taklif qilgan. 1995 yilda namoyish qilingan "Umidsiz" lentasi unga butun dunyo miqyosidagi mashhurlikni olib keldi.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.