Jahon | 18:53 / 02.06.2016
7535
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya armanlar genotsidi vaqtida turklar bilan ittifoqchi bo‘lganini eslatdi

Germaniya federativ respublikasi Birinchi jahon urushi vaqtida Germaniya Usmonlilar imperiyasi bilan ittifoqchi bo‘lgani va o‘sha yillarda armanlar qirg‘ini amalga oshirilishi oldini ola olmagani uchun o‘zini javobgar deb biladi. Bu haqda bundestag tomonidan armanlar genotsidini tan olish haqidagi rezolyutsiyada keltirilgan.

Bugun bundestag 1915 yili Turkiyada armanlar qirg‘in qilingani tan olingan rezolyutsiyani ma'qulladi.

Bu borada debatlar hukumatdagi koalitsiya va "Yashillar" partiyasi tomonidan boshlangan va "1915–1916 yillarda Usmonli saltanatida armanilar va boshqa xristian kamchiliklarning genotsidi xotirasiga" deb nomlangan rezolyutsiya ishlab chiqilgan.

"Germaniya Usmonlilar imperiyasining asosiy ittifoqchisi edi. O‘sha davrda nemis hukumati armanlarning qirg‘ini oqibatlaridan xabardor bo‘lgan, ammo hech qanday chora ko‘rmagan. GFR bu jinoyat uchun o‘zini aybdor deb biladi va qurbonlarning xotirasi hurmat qilinishi kerak deb hisoblaydi", deyilgan rezolyutsiya matnida.

Turkiya 1915 yilda yuz bergan hodisalarni Usmonli sultonligining armanlarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosati emas, balki urush oqibati deb biladi va genotsid faktini rad etadi.

Armaniston dunyo hamjamiyatini genotsidni tan olishga chaqiradi. Shu vaqtgacha jahondagi 22ta davlat Usmonlilar imperiyasi davrida, 1915 yildan 1922 yilgacha armanlar genotsidi amalga oshirilganini tan olgan (Urugvay, Rossiya, Avstriya, Argentina, Belgiya, Boliviya, Kanada, Chili, Kipr, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Livan, Litva, Niderlandiya, Polsha, Slovakiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Vatikan, Venesuela, Lyuksemburg, AQShning 44ta shtati, Yevroparlament, Butun dunyo cherkovlari kengashi).