Pushkin vafot etgan divanning haqiqiyligi tasdiqlandi
Mutaxassislar A.S.Pushkin Umumrossiya muzeyidagi eksponat – shoir vafot etgan divanning haqiqiyligini tasdiqlashdi. "Interfaks" axborot agentligining xabar berishicha, bu haqda muzey direktori Sergey Nekrasov ma'lum qildi.
"Kechagina biz ekspertiza o‘tkazgan Yuriy Aleksandrovich Moliniy bilan xayrlashdik. Avval divandan qon namunasini olish kerak edi, faqatgina 27-urinishdan keyin uni olishga muvaffaq bo‘lindi", deb aytdi Nekrasov.
Uning aytishicha, taqqoslash uchun Pushkin qoni kerak edi, bu qon shoir duelda otishgan nimchada qolgan edi.
"Olib borilgan ishning favqulodda muhim ekanligi sababli, biz bu jiletdan qonga burkangan bir tola ipni olishga ruxsat berdik", deb tushuntirdi muzey direktori.
Direktor namunalar mos kelgani va divanda haqiqatan ham Pushkin qoni qolgani isbotlanganini aytdi. Nekrasov bu "avval og‘zaki ma'lum bo‘lgan holatning" jiddiy tasdig‘i ekanligini aytdi.
"Bu divan Pushkin vafot etgan divan, endi bunga yuqori malakali mutaxassisning hujjatlashtirilgan aniq tibbiy tasdig‘i mavjud", deb qo‘shimcha qildi muzey direktori.
Shoirning tavallud kuni – 6 iyun Umumrossiya Pushkin kuni sifatida nishonlanadi.
Ulug‘ rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin 1799 yil 6 iyunda Moskvada tug‘ilib, 1837 yil Sankt-Peterburgda Dantes bilan duelda yarador bo‘lib, 3 kun o‘tib vafot etgan.