Jahon | 17:06 / 03.06.2016
4381
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook Tsukerbergni ovoz huquqidan mahrum etishi mumkin

Dunyoning eng yirik ijtimoiy tarmog‘i Facebook Inc direktorlar kengashi, kompaniya asoschisi va rahbari Mark Tsukerbergning aksiyalarini oddiy ovozsiz aksiyalarga aylantirish taklifini ilgari surmoqda, deyiladi kompaniya xabarnomalarida.

2 iyun holatiga ko‘ra, Tsukerberg A toifadagi 4 million aksiya va 419 million dona B toifa aksiyasiga ega. Bu, umumiy ovoz beruvchi aksiyalarning 53,8 foizi demakdir. Qonun va kompaniya nizomiga binoan, Tsukerberg Facebookdan ketadigan bo‘lsa, u o‘z hissasi va ovoz berish huquqini saqlab qoladi. Shu bilan birga, u vafot etgan taqdirda, bu hissaga merosxo‘rlari egalik qila boshlaydi. 

Endilikda, direktorlar kengashi, bu qoidalardan voz kechish taklifini bildirmoqda. Kengash fikricha, "mabodo Tsukerberg ketadigan bo‘lsa, kompaniyaga salbiy ta'sir ortib ketadi". Shunga ko‘ra, Facebook asoschisi o‘lsa yoki kompaniyani tark etsa, uning merosxo‘rlari ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi kerak. 

Ushbu masala bo‘yicha ovoz berish jarayoni 20 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan kompaniya aksionerlarining yillik yig‘ilishida amalga oshadi.