Jamiyat | 18:31 / 09.06.2016
92829
11 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Ruslan Sharipovning shov-shuvga sabab bo‘lgan suratlari: Kim nima deydi?

Bir paytlar ijodi gullagan, qo‘shiqlari bilan ko‘plab yuraklarni zabt etgan O‘zbekistonda xizmt ko‘rsatgan artist, bastakor, taniqli xonanda Ruslan Sharipov ijodni tark etganiga bir necha yil bo‘ldi. Oxirgi marotaba Dildora Niyozova bilan birgalikda kuylangan “Chilla” dueti hit bo‘lgach, shaxsan Ruslan Sharipov tomonidan boshqa birorta qo‘shiq taqdim etilmadi. Uzoq muddat san'atda ko‘rinmay qolgan Ruslan Sharipov haqida onda-sonda mish-mishlar quloqqa chalindi. Kimdir xonandaning sog‘ligi yomonlashgani haqida gapirsa, kimdir uning chet elga ketib qolgani, o‘sha yerda ijod qilayotgani haqida aytdi. Yana boshqa birovlar... xullas, hammasi mish-mishning o‘zi edi. Ammo kuni kecha xonandaning ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari bo‘ylab tarqalgan bir necha fotosuratlari internetni larzaga soldi.  Ruslan Sharipovni ko‘chada tamaki chekib turgan holatida suratga olgan “qo‘shnisi” u haqidagi fikrlarini yozib, suratlarning nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki ayrim saytlar orqali xalqqa ovoza bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.  

Xususan, jurnalist Jasur Hamroyev o‘zining Facebook`dagi sahifasi va “Shov-shuv.uz” saytiga xonanda Ruslan Sharipovning tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan va sigaret chekayotgani aks etgan suratlarni joylab, ushbu suratlarni “Bir paytlar Yulduz Usmonova duet kuylab, elga tanitgan xonanda bu! Taniyapsizmi?”, deya izohlagan.  Bu haqda “Darakchi.uz” nashri xabar bermoqda. 

Nashrning ma'lum qilishicha, Ruslan Sharipovning mazkur suratlari internet foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilinib, o‘zini xonandaning qo‘shnisiman, deb tanishtirgan internet foydalanuvchisi Ruslan Sharipov haqida quyidagilarni yozib qoldirgan: “Ruslan Sharipovni ko‘p ko‘raman, qo‘shnimiz. Tumanimiz  ko‘proq ruslardan iborat, shuning uchun unga ko‘pchilik ahamiyat bermaydi, tanimaydi ham. Lekin turmush o‘rtog‘iga qoyilman, har safar Ruslan mast holatda bo‘lsa ham, kiyimlari doim toza va joyida”. 

Bunga javoban yana bir internet foydalanuvchisi “balki xonandaga moddiy yordam kerakdir, uyi qayerda?” deb so‘ragan.  

Biroq xonandaning qo‘shnisi ekanligini aytgan Facebook foydalanuvchisi Ruslan Sharipovning moddiy yordamga muhtoj emasligini ta'kidlagan. 

Aksariyat internet foydalanuvchilari Ruslan Sharipovni bunday ko‘rinishda suratga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatayotganlarni qoralamoqda, deb yozadi nashr. 

Ushbu xabar yuqorida nomi keltirilgan nashrda chiqqanidan so‘ng  Ruslan Sharipovning shov-shuvga sabab bo‘lgan suratlari va uning ostida qoldirilgan: “Bir paytlar Yulduz Usmonova duet kuylab,  elga tanitgan xonanda bu! Taniyapsizmi?” kabi  izohlar  Jasur Hamroyevning feysbukdagi sahifasidan “o‘chirildi”... 

Shou-shuv saytida esa Ruslan Sharipovning tamaki chekib turgan bir dona surati “No comment” izohi bilan (kecha qo‘yilganicha) qoldi. 

Ruslan Sharipovning suratlarini joylashtirgan saytlar esa aktyor Bobur Yo‘ldoshev, Alisher Uzoqov, xonanda va kompozitor Shahnoz tomonidan tanqid qilindi. 

Bobur Yo‘ldoshev uni masxara qilganlarni ruhiy tasqaraga qiyosladi

Bobur Yo‘ldoshev instagramdagi sahifasi orqali Ruslan Sharipovning yoshlikdagi suratini joylashtirib, “Xonanda Ruslan Sharipovning hayotda yaxshi insonligi, san'atda professonal san'atkorligi, umuman, qanday inson bo‘lishidan qat'i nazar uning suratlarini tarqatib, ustidan ijtimoiy tarmoqlar orqali masxara qilishlari mumkin emasligini yozgan. Shu o‘rinda saytlarga ham “Bu qilmishingiz bilan nimaga erishdingiz? Nima, unga yomon bo‘lishini xohladingizmi? Bu qilmishinggizsiz ham unga oson emas! Yoki uyaltirish orqali unga yordam berishni istayapsizmi?”, deya Ruslan Sharipovning suratini joylashtirganlarni ruhan tasqara deya ifodalagan. “Ruslan aka, biz sizni yaxshi ko‘ramiz va hech nimaga qaramay hurmat qilamiz! Biz siz bilan”, deya o‘z izohini yakunlagan.

Aktyor tomonidan yozib qoldirilgan fikrlarni muxlislar davom ettirib, Ruslan Sharipovning musiqa sohasida juda iste'dodli ekanligini aytgan. Ba'zi muxlislar esa bir burchakda turib, balandparvoz gapirishlari, ammo og‘ir ahvoldagi insonga yordam qo‘lini cho‘zmasliklari, ba'zilar esa Ramazon oyida san'atkorning suratini tarqatib, uni masxara qilganliklarini qoralagan. 

Ayrim muxlislar Ruslan Sharipovning qattiq kasallikka chalinganligi haqida “eshitganligi”ni yozib, uni qo‘llab-quvvatlab, uning tezroq sog‘ayib ketishini, ijodga qaytishini so‘ragan. 

Izohlar davomida Rejissyor va klipmeyker  Nozim Tolipov ham “Ruslan Sharipov kuchli insonligini ta'kidlab, buni isbotlash maqsadida tezroq ijodga qaytishi”ni so‘ragan. 

Ana shu izohlar qatorida yana bir feysbuk foydalanuvchisining yozib qoldirgan fikrlari diqqatimizni tortdi. 

Feysbuk foydalanuvchisi: “Kim hol so‘rab qo‘ng‘iroq qildi, kim? Siz jo‘ralari bormisiz?”

.... “2014-2015 muxlislari uzoq-yaqin jo‘ralari, san'atda birga non bo‘lishgan aranjirovkachi, bastakor yulduzlar kim holidan xabar oldi? Ichib yotgan vaqtida borib do‘pposlab instrumentlarini olib ketgan, yonidan ijod qilib yuradiganlardan biri TALIB KULIYeVdan so‘ng Ruslan Sharipovga hatto ibodat yordam bermadi, deb yozadi Ruslan Sharipovni yaxshi biluvchi manbalardan biri. 

-2015 yil oqshomida muxlisi, do‘sti, junalist Dilbar Usmonova bilan Ruslanning uyida dasturxon bezadik. Kim do‘stlaridan, shogirdlaridan kim keldi? Kim hol so‘rab qo‘ng‘iroq qildi, kim? Oyisining ko‘z yoshlariga kim malham bo‘ldi? Siz jo‘ralari bormisiz?”
Ushbu izohga Bobur Yo‘ldoshev javob yozmagan.

Bobur Yo‘loshevning postida ko‘plab feysbuk foydalanuvichlari tomonidan muhokama davom etib,  300 ga yaqin layk bosilgan. 

Shahnoz:  “Uch qizi, bir nabirali insonni ro‘za kunlarida masxara qilib...”

Kompozitor, xonanda Shahnoz esa instagramdagi sahifasi orqali Ruslan Sharipovning yoshligi, oilasi va hamkasblari bilan muhrlangan suratini joylashtirib, uning ostiga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ruslan Sharipovning o‘zbek estradasiga juda katta hissa qo‘shgan”ligini aytgan. Uning qadamlarini poylab suratga olgan, uch qizi, bir nabirali insonni ro‘za kunlarida masxara qilib, suratlarini ijtimoiy tarmoqlar oraqali tarqatib yuborgan odamni qoralagan. 
Taniqli aktyor Alisher Uzoqov esa xonandaning surati bilan birgalikda Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipovning “Hasrat” duetini birlashtirib, instagramdagi sahifasiga joylashtirgan. Ostida esa “o‘z o‘quvchilarini ko‘paytirish maqsadida insonning tushkun holatini xalqqa ko‘rsatib, “piar” qilishga uringan” saytlarga tanbeh bergan. 

Alisher Uzoqov: “Men xohlamayman ertaga yana boshqa san'atkor shunday holatga tushsa...” 

- “Xo‘o‘o‘sh... Bugun men uchun juda ta'sirli voqea yuz berdi” Haqiqatan ham ta'sir qildi. Men indamay qarab tura olmadim. Nima haqida gapirmoqchi bo‘lganimni sezgandirsizlar. San'atkorlar toifasi juda ko‘p. Ruslan Sharipovni men oliy toifali san'atkorlar safiga qo‘shgan bo‘lardim. Men bu inson bilan ko‘rishmaganman ham. Birgina “Hasrat” qo‘shig‘i qancha qimmat turadi. Inson hayotda har qanday vaziyatga tushishi mumkin. Bu narsani xalqqa ko‘rsatib, bir nechta “o‘quvchilari”ning sonini ko‘paytirish maqsadi o‘rinsiz. Men xohlamayman ertaga yana boshqa san'atkor shunday holatga tushsa, xudo ko‘rsatmasin, uni ham shunday ko‘rsatilishini. Shuning oldini olish maqsadida yozdim bu gaplarni. San'atkor do‘stlarim mana shunaqa holatlar hayotingizda yuz bermasligini tilab qolaman. Ruslan Sharipov siz zo‘rsiz!”

Alisher Uzoqov shu tarzda o‘z izohini yakunlagan. Ayni damda bu boradagi mish-mishlar va shov-shuvlar davom etmoqda.

Xonanda Otabek Madrahimov esa Ruslan Sharipovning shu ahvolga tushishiga “O‘zbeknavo estrada birlashmasi”ni ayblagan.

Bir ozdan so‘ng Bobur Yo‘ldoshev joylashtirgan va muhokamaga to‘lgan Ruslan Sharipovning surati ostida Ali Niyazimetov xonanda Ruslan Sharipov bilan birgalikda suratga tushib, ushbu suratni muhokamalar davomida joylashtirdi. Surat ostiga esa: “Ruslan Sharipovning ahvoli yaxshi. Biz hozirgina studiyalardan birida suratga tushdik” deya izoh qoldirdi.

Bu bilan Ali Niyazimbetov mish-mishlar va muhokamalarga chek qo‘yishga uringan ko‘rinadi. Ammo  ular kiygan qishki kiyimlardan ko‘rinib turiptiki, bu eski surat... 

Ikki kun ichida tarqalgan mish-mish va shov-shuvlarni sarhisob qilib, ayrim odamlarning bu qadar qiziqqon va mehrsiz bo‘lib ketganligidan hayratga tushadi kishi. Bu  shov-shuvlardan Ruslan Sharipovning o‘zi xabardormikan? Unga qanday ta'sir qildiykan?  

Har holda har bir insonda ko‘ngil degan narsa bor.  Ammo nima bo‘lganda ham xonandaning ahvoli yaxshi bo‘lishiga biz ham umid qilamiz.  Ilohim shunday bo‘lsin! Muborak Ramazon oyida yaxshi niyatlar va amalar bilan, xonandaning yana ijodga qaytishini, ilgarigidek qalblarni entiktiruvchi diltortar taronalar yaratishini kutib qolamiz. 

Zero inson kelajagi va taqdirini o‘z qo‘li bilan yaratadi. Faqat bunga bir oz hafsala va xohishgina bo‘lsa bas! 

Mohichehra Eshmirzayeva