Sport | 15:48 / 06.08.2016
18277
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Oliy Ligasi: Ikkinchi davraning eng muhim 10 transferi

Oliy Liga ikkinchi davrasi oldidan klublarimiz bir qator e'tiborli transferlarga qo‘l urishdi. Ayniqsa, sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalarimiz bu borada ancha faol bo‘lishdi.

1. Artur Gevorkyan

Sobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Lokomotiv»
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: o‘z xohishiga ko‘ra.
Davralar oralig‘idagi «eng muhim transfer» deya «Nasaf» yetakchisi Artur Gevorkyanning peshqadam «Lokomotiv» safiga o‘tishini topdik. Qarshi klubida besh yil faoliyat olib borgan turkmanistonlik futbolchi «Lokomotiv»ning bu safargi taklifini rad eta olmay, «Temiryo‘lchilar» bilan shartnoma imzoladi. Gevorkyan «Ajdarlar» safini tark etarkan, bunga hech qanday jiddiy sabab yo‘qligini va shunchaki o‘z xohishiga ko‘ra yangi jamoaga o‘tish vaqti kelganligini aytib o‘tdi. «Loko» asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lmish «Nasaf» yetakchisini qo‘lga kiritib, Oliy Ligadagi chempionlik yo‘li va OChL oldidan jiddiy kuchayishga erishdi.

2. Igor Sergeyev

Sobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Pekin Goan»
Ampluasi: hujumchi
Sababi: Moliyaviy manfaat.
Davralar oralig‘ida legionerga aylangan yagona futbolchimiz bu Igor Sergeyev bo‘ldi. Terma jamoamiz hamda «Paxtakor» forvardi Xitoyning «Pekin Goan» klubi bilan olti oylik shartnoma tuzdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, «Paxtakor» futbolchining ushbu ijarasidan 200 ming yevro miqdoridagi moliyaviy foyda ko‘radi. O‘tgan yilgi Oliy Liga to‘purarining legionerga aylangani o‘zi uchun ham, klubi uchun ham moliyaviy va faoliyati uchun foydali bo‘lishi mumkindir, faqat chempionatimiz o‘zining asosiy goleadorlaridan birini yo‘qotishi yaxshi bo‘lmadi.

3. Jasur Hasanov

Sobiq klubi: «Lokomotiv»
Yangi klubi: «Qizilqum»
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: O‘yin amaliyoti uchun.
Birinchi davrada Toshkentning «Lokomotiv» klubida o‘yin amaliyotiga kam ega bo‘lgan Jasur Hasanov «Temiryo‘lchi»dan «Konchi»ga aylandi. Terma jamoamiz «vingeri» «Qizilqum» taklifini qabul qilib, Navoiyga ko‘chib o‘tdi. Tajribali yarim himoyachi yarim yillik ijara asosida to‘p surib, keyin jamoaning to‘laqonli a'zosiga aylanishi mumkin. «Loko» murabbiylari Hasanovga asosiy tarkibdan joy topib bera olishmagan bo‘lsa-da, Jasur joriy mavsumda sovrinli o‘rinlarni ko‘zlayotgan «Qizilqum»ga maqsadga yetishish uchun yordam bera oladi.

4. Erkin Boydullayev

Sobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Qizilqum»
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: o‘z xohishiga ko‘ra.
Gevorkyan singari Boydullayev ham besh yillikdan keyin Qashqadaryo klubini erkin agent sifatida tark etdi. Tayanch yarim himoyachisi «Qizilqum» bilan shartnoma imzoladi. Samarqandlik yarim himoyachi jiddiy maqsadlarni ko‘zlayotgan Navoiy klubi o‘yinini kuchaytirishi aniq. Maydon markazida sobiq jamoadoshi bo‘lgan «Qizilqum» yetakchisi Ilhom Yunusov bilan tandem bo‘ladigan futbolchi jamoa o‘yiniga tezda kirishib ketdi. Qayd etish lozim, Erkin Boydullayev bugungi kunda Oliy Liganing eng yaxshi tayanch yarim himoyachilaridan biri sanaladi. «Nasaf» bilan bir necha marta «bronza»ni qo‘lga kiritgan futbolchi, endi «Qizilqum» bilan bu natijaga intiladi.

5. Aleksandr Lobanov

Sobiq klubi: «Persipolis» (Eron)
Yangi klubi: «Paxtakor»
Ampluasi: darvozabon
Sababi: «Persipolis» shartnomani uzaytirmadi.
Yil boshida Eron Pro-Ligasida faoliyat boshlagan terma jamoamiz posboni yarim yillikdan keyin yana «Paxtakor»ga qaytib keldi. Darvozabonimiz yarim yillik ijara davomida «Persipolis»ning asosiy darvozaboniga aylana olmagach, fors klubi Lobanov bilan shartnomani uzaytirmadi. Natijada Aleksandr Lobanov yana ortga qaytishga qaror qildi va «Paxtakor» safini to‘ldirdi.

6. Shohruh Gadoyev

Sobiq klubi: «Al Muharraq» (Bahrayn)
Yangi klubi: «Bunyodkor»
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: «Al Muharraq» bilan shartnoma uzaytirilmadi.
Ikkinchi davrada O‘zbekistonga qaytib kelgan legionerimiz soni bir nechtani tashkil etdi. Jumladan, yil boshida Bahrayn chempionati ishtirokchisi «Al Muharraq» klubi bilan shartnoma imzolagan Shohruh Gadoyev, yozda yurtimizga qaytishga qaror qildi. Qashqadaryolik futbolchi sobiq klubi «Nasaf» bilan emas, erkin agent sifatida «Bunyodkor» bilan shartnoma imzoladi. Chap qanotdagi o‘yinlari bilan nom qozongan Gadoyev Sergey Lushan qo‘l ostida yanada o‘sishga erishishi mumkin.

7. Shavkat Mullajonov

Sobiq klubi: «Al Shaab» (BAA)
Yangi klubi: «Buxoro»
Ampluasi: himoyachi
Sababi: «Al Shaab» bilan shartnoma uzaytirilmadi.
O‘zbek va arab futboli orasida «sarson» bo‘lgan Shavkat Mullajonov ham ortga qaytgan legionerlarimiz safini to‘ldirdi. BAAning «Al Shaab» klubidagi yarim yillik faoliyatdan keyin andijonlik himoyachi Oliy Ligaga qaytishga qaror qildi. Markaziy himoyachi «Buxoro» bilan shartnoma tuzdi. «Buxoro» hozirga kelib Oliy Ligadagi eng kuchli himoya chizig‘iga ega bo‘ldi, deyish mumkin.

8. Fozil Musayev

Sobiq klubi: «Sepaxon»
Yangi klubi: «Nasaf»
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: Shartnoma uzaytirilmadi.
«Nasaf» klubining ikkinchi davradagi asosiy xaridlaridan biri Fozil Musayev bo‘ldi. So‘nggi mavsumlarni Eronda o‘tkazgan futbolchi Ro‘ziqul Berdiyev taklifiga ko‘ra, yana Qarshi klubiga qaytdi. Musayev jamoani tark etgan Erkin Boydullayevning o‘rnini to‘ldirishi lozim. Terma jamoamizga nomzod futbolchi ikkinchi davrada «Nasaf»ning yetakchilaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

9. Shokir Zuagi

Sobiq klubi: «Bunyodkor»
Yangi klubi: «Al Xalij» BAA
Ampluasi: yarim himoyachi
Sababi: «Bunyodkor» va futbolchi o‘zaro shartnomani buzishdi.
Oliy Ligadagi nomdor legionerlardan biri tunislik Shokir Zuagi O‘zbekistondagi faoliyatiga nuqta qo‘ydi. «Bunyodkor» bilan o‘zaro hamkorlikni to‘xtatgan tajribali yarim himoyachi Oliy Liganing boshqa klublari taklifini rad etib, BAAning birinchi divizioni klubiga ko‘chib o‘tdi.

10.  Vohid Shodiyev

Sobiq klubi: «Perak» (Malayziya)
Yangi klubi: «Qizilqum»
Ampluasi: hujumchi
Sababi: «Perak» shartnomani buzib, futbolchiga javob berdi.
Osiyo Kubogidan keyin legionerga aylangan tajribali hujumchi Vohid Shodiyev ham yurtimizga qaytdi. Malayziyada yarim yil to‘p surib qaytgan Vohid Shodiyev tug‘ilib o‘sgan shahri jamoasi sharafini himoya qilishga qaror qildi. Terma jamoamiz sobiq hujumchisi «Qizilqum» safida jiddiy raqobatga duch keladi. U o‘tgan mavsum to‘purari Bahriddin Vahobov va serbiyalik hujumchi Nemanya Yovanovich bilan raqobat olib borishiga to‘g‘ri keladi.

Usmon Ibodov

Manba: Tribuna.UZ