Jahon | 16:01 / 08.09.2016
22588
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Obama ma'muriyati Suriya masalasida Rossiyaga «so‘nggi taklif»ini bildirdi

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati Suriyadagi inqirozga barham berish bo‘yicha so‘nggi taklifini ilgari surgan, deb yozmoqda The Washington Post nashri o‘z manbalariga asoslangan holda. 

Maqolada qayd etilishicha, Obama ma'muriyati Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishga urinish borasida sabri tugab borayotgani xususida Rossiyani oxirgi marotaba ogohlantirgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Obama RF prezidenti Vladimir Putin bilan 5 sentabr kuni G20 sammiti doirasidagi uchrashuvida «shunday taklif»ni ilgari surgan. 

AQSh o‘t ochishni to‘xtatish va Suriya aviatsiyasining parvozlariga barham berish hamda gumanitar yordamlarni xavfsiz yetkazib berishga erishish niyatida. Bundan tashqari, reja Amerika-Rossiya qo‘shma aksilterror harbiy amaliyotlarni o‘tkazishni ham ko‘zda tutadi. 

Hozircha, rasman bu ma'lumotni Obama ma'muriyati tasdiqlagani yo‘q. Avvalroq xabar qilinganidek, Obama va Putin G20 sammitidagi uchrashuvdan so‘ng, tashqi siyosat mahkamalari rahbarlariga Suriya kelishuvi bo‘yicha ishlashni davom ettirish vazifasini topshirishgan. 

Rossiya va AQSh tashqi ishlar vazirlarining 7 sentabr kungi telefon orqali muloqotida Suriya masalasini 8–9 sentabr kunlari Jyenevada bo‘lajak uchrashuvida muhokama qilishga kelishib olgan. Ammo, hozircha AQSh Davlat departamenti Lavrov va Kerrining uchrashuvini tasdiqlagani yo‘q. 

The Washington Post nashrining yozishicha, Rossiya tomoni o‘z qarashini o‘zgartirmas ekan, yana bir muzokaralar jarayonini o‘tkazish foyda bermasligi aniq».
 

Mavzuga oid