Jahon | 11:20 / 13.09.2016
8556
5 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasidan nimalarni kutish mumkin?

Arxiv surat

Bugun Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi o‘z ishini boshlaydi. Sessiyaning rasmiy ochilish marosimi BMT qarorgoxida mahalliy vaqt bilan 15.00da, Toshkent vaqti bilan 24.00da boshlanadi. Uning ishida BMTga a'zo barcha-193 mamlakat vakillari ishtirok etadi. BMT bosh kotibi Pan Gi Mun va Bosh Assambleya 71 sessiyasining raisi, Fiji davlatining BMTdagi doimiy vakili Piter Tomsonning so‘zga chiqishi kutilmoqda. 

Undan avval, bir daqiqa sukut saqlash, duo va fikr-mulohazalar bildirilgan holda Bosh Assambleyasi 70 sessiyasining yopilish tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 70 sessiyaning raisi Mogens Lyukketoft bolg‘achani uch marta urish yo‘li bilan tadbirlarni yakunlaydi. 

Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi bir yil davomida BMT ishtirokida xalqaro hamjamiyat uchun muhim bo‘lgan qaror va hujjatlar qabul qilingan. Masalan, o‘tgan yilning sentabr oyida qashshoqlik, ocharchilik va kasalliklarga qarshi kurash yo‘lida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan global taraqqiyot kun tartibi tasdiqlandi. Bundan tashqari, global iqlim o‘zgarishlarini bartaraf etish maqsadida kelishuvga erishildi. 

Piter Tomson bergan bayonotga qaraganda, u Bosh Assambleya raisi sifatida avvalgi sessiya tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni yanada rivojlantirishni va barcha mamlakatlar manfaatlarini himoya qilishni  o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

“Biz bir-birimizga bog‘langanmiz. Bizni nafaqat BMT Nizomi bog‘lab turadi. Bizni 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan taraqqiyot kun tartibi bir-birimizga bog‘laydi”,- degan edi Piter Tomson shu yilning iyun oyida  Bosh Assambleya 71-sessiyasi raisi etib saylanganidan so‘ng. Piter Tomsonning aytishicha, navbatdagi sessiya davomida davlatlar kun tartibidagi global taraqqiyot rejasini hayotga tatbiq etishni tezlashtirishlari kerak bo‘ladi. 

Tomson “71- sessiya yakunida biz qilingan ishlar yuzasidan hisobot berishimiz kerak. Biz taraqqiyot yo‘lida o‘z oldimizga qo‘ygan 17ta Maqsadni amalga oshirishda muvaffaqiyatlarga erishishimiz lozim”, deya, kun tartibidagi vazifalar farzandlarimiz va nevaralarimiz farovonligiga xizmat qilishini eslatib o‘tdi. Uning fikricha, bu maqsadlar hayotga tatbiq etilmasa kelajagimiz xavf ostida qolishi mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasi kun tartibiga 170ga yaqin masala kiritilgan. Ular orasida tinchlik va xavfsizlikni saqlash, irqchilikka, diniy kamsitishlarga va terrorizmga qarshi kurash, Afrika  mamlakatlarini rivojlantirish, insonparvarlik yordamlarini muvofiqlashtirish, atrof-muhit muhofazasi, inson xuquqlari bilan bog‘liq masalalar ham bor. Shuningdek, giyohvand moddalar ustidan nazorat, tinchlikni saqlovchi amaliyotlarni moliyalashtirish, qurolsizlantirish kabi masalalar ham kun tartibiga kiritilgan. BMT, jumladan Xavfsizlik Kengashini isloh qilish masalalarini muhokama qilish ham davom ettiriladi. 

71 sessiyaning kun tartibidagi masalalar orasida muhojirlik bilan bog‘liq muammolar ham bor. BMTning mazkur muammo bilan bog‘liq ilk munozaralar 19 sentabrda bo‘lib o‘tadi. 20 sentabrda esa, AQSh prezidenti Barak Obama raisligida muhojirlar muammosiga bag‘ishlangan sammit bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda mamlakatlarga qochqin va muhojirlarni qabul qilish masalasida o‘z zimmalariga yangi majburiyatlarni olish vazifasi yuklatiladi. Xalqaro hamjamiyat vakillarining aytishicha, mazkur har ikki anjuman bir-birini to‘ldiradi. BMT ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda jahonda 20 millionga yaqin qochqin va mamlakatlarning o‘zida darbadar yurgan 40 millionga yaqin fuqarolar ro‘yxatga olingan.

Umumsiyosiy munozaralarda 150ga yaqin mamlakatning davlat va xukumat rahbarlari, 30ta mamlakatning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etishi kutilmoqda. Bir hafta mobaynida ular tomonidan jahondagi bugungi vaziyat, insoniyat oldida turgan chaqiriq va tahdidlar yuzasidan fikrlar bildiriladi. Bu yilgi asosiy mavzular global iqlim o‘zgarishlari, terror xavfi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlaridagi vaziyatlar va muhojirlar bilan bog‘liq inqirozlar bo‘lishi aniq.

Shuni ham qayd etish joizki, BMTning bu galgi anjumani kelasi yilning yanvar oyida xokimiyatni topshiradigan AQSh prezidenti Barak Obama uchun so‘nggisi bo‘lsa, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey uchun birinchisidir. Bosh kotib sifatida Pan Gi Mun ham so‘nggi bor bu kabi yirik anjumanda ishtirok etadi. Uning vakolatlari shu yilning 31 dekabr kuni  yakunlanadi. Yangi bosh kotib oktabr oyida saylanadi. 

Sharofiddin To‘laganov.

Mavzuga oid