O‘zbekiston | 13:37 / 03.10.2016
8585
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy saylov komissiyasining onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi

2016 yilning 3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferentsaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolari, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov olib borgan majlisda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish masalasi, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqib, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 44 ta saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Majlisda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishchi guruhlari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruhlarining asosiy vazifasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 24²-moddasiga asosan belgilangan muddatda imzo varaqalari qonun talablariga muvofiqligi haqida xulosalar berishdan iboratdir.
Majlisda 2-Andijon va 12-Xorazm okrug saylov komissiyalari raislarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlari ham eshitildi.

Komissiya a'zolari Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasini ham ko‘rib chiqdilar. Ta'kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichlari xususida o‘z vaqtida xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Shu vaqtga qadar mamlakatimiz va xorijiy bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalarida saylov kampaniyasi bilan bog‘liq ikki mingdan ziyod materiallar e'lon qilindi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ko‘rilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi. 
 

Mavzuga oid