O‘zbekiston | 12:34 / 11.10.2016
126526
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar petitsiya orqali Shavkat Mirziyoyevdan chiqish vizasini bekor qilishni so‘rashmoqda

Shange.org saytida O‘zbekistonda chiqish vizasini (OVIR) bekor qilish so‘ralgan petitsiya paydo bo‘ldi.

Petitsiya muallifi ushbu taklifini O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga ham yo‘llagan. 

"Ma'lumki, mazkur viza fuqarolarning xorijga chiqishini tartibga solish maqsadida amalga kiritilgan edi. Ma'lum davrgacha, ya'ni mustaqillikning dastlabki yillarida, bunday amaliyot o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Biroq, 21 asr – oldimizga yangi talablarni qo‘ymoqda. Sizning diqqatingizni chiqish vizasi xalqaro me'yorlarga javob bermasligiga qaratmoqchimiz. U safar qilish, sayohatga borish, yurish va ko‘chish erkinligi tamoyiliga ham zid keladi. Va nihoyat, chiqish vizasi korrupsiyaning kengayishiga ham sabab bo‘lmoqda", — deyiladi petitsiyada.

Xabarda qayd etilishicha, amaldagi 2 yillik chiqish vizasini olish uchun O‘zbekiston IIVda navbat kutish, ortiqcha xarajatlar qilish, buning ustiga 2 hafta va undan ham ko‘proq vaqt kutishga to‘g‘ri keladi. 

"Chiqish vizasi rasmiylashtirilishi uchun talab etiladigan hujjatlarda fuqaro bir qator savollarga javob bergan holda tegishli anketani to‘ldiradi. Unda aslida ikkita asosiy savol mavjud: Bu fuqaro avval sudlanganmi? U davlat sirlariga egami?

Qayd etish kerakki, mazkur ikki savol bo‘yicha ham tegishli davlat idoralarida to‘la ma'lumotlar mavjud bo‘ladi va odatda bu toifaga kiruvchi shaxslar xorijga chiquvchi oddiy fuqarolar orasida deyarli uchramaydi. Qolaversa, xorijga chiqishi taqiqlangan yoki cheklanganlar toifasiga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma'lumot chegara idoralariga oldindan berilgan bo‘lib, bu ma'lumotni fuqaro chegarani kesib o‘tish vaqtida kompyuter orqali avtomatik tarzda tekshirish mumkin", — deb yozgan petitsiya muallifi.

Petitsiya muallifining aytishicha, ayni vaqtda bir necha shunday fuqarolarni deb minglab oddiy fuqarolarda chiqish vizasini olish bilan bog‘liq turli muammolar va qiyinchiliklar, ortiqcha ovoragarchiliklar yuzaga kelmoqda.

"Shuni ham eslatmoqchimanki, BMTning Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 13.1 bandida kishi butun dunyo bo‘yicha erkin yurishi, o‘z mamlakatidan erkin chiqish va kirish huquqiga egaligi tasdiqlangan. Amalda dunyoning deyarli boshqa hech bir davlatida bunday viza mavjud emas. Bunday amaliyot faqat O‘zbekistonda va Shimoliy Koreyada saqlanib qolgan. O‘zbekiston jahonning rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan va shu yo‘lda bugungacha ancha islohotlarni amalga oshirgan.  Shuni inobatga olgan holda, biz o‘zbekistonliklarga chiqish vizasini bekor qilish uchun tegishli qaror qabul qilishingizni taklif etamiz", — deya yakunlangan murojaat.

Mazkur petitsiya e'lon qilinganidan 15 soat o‘tib, unga 500ga yaqin kishi imzo qo‘ygan.

Mavzuga oid