O‘zbekiston | 20:29 / 20.10.2016
26123
3 daqiqa o‘qiladi

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilindi

Foto: parliament.gov.uz

20 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdi.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar qilishicha, qonun loyihasi muhim va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan bo‘lib, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murasasozlik muhitini yaratishga qaratilgandir.

Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z ishlarini “Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdi.

Deputatlar qayd etganidek, qonun loyihasi ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonalarning huquqiy maqomi, ularni qabul qilish, saqlash hamda ozod qilish tartibi, huquq va majburiyatlari, intizomiy jazo choralari hamda ma'muriy qamoqni amalga oshirishga taalluqli boshqa qoidalarni nazarda tutadi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi hibsga olingan shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini mustahkamlashga, ma'muriy qamoq jazosini o‘tashning yagona amaliyotini ta'minlashga, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini hamda ushbu tizim xodimlarining mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Munozaralar yakunlariga ko‘ra, deputatlar ushbu qonun loyihalarini kontseptual jihatdan ma'qullab, birinchi o‘qishda qabul qilishdi.

Mas'ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda mazkur hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.

Mavzuga oid