Jahon | 15:44 / 18.01.2017
8746
6 daqiqa o‘qiladi

Davos-2017 forumining kun tartibidagi mavzular nimalardan iborat?

Foto: AP

Shu haftada Shveytsariyaning Davos dam olish maskanida an'anaviy Butunjahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning kun tartibida Si Tszinpin tashrifi, globallashuv, Tramp va Brexit masalalari kabilar o‘rin olgan.

Qayd etish joizki, bu yilgi anjuman avvalgilaridan keskin farq qiladi. 17 yanvar kuni jahon siyosati, biznesi, iqtisodiyoti, texnologiyalari va moliya sohasidagi ko‘zga ko‘ringan shaxslar Shveytsariyaning Alp tog‘laridagi dam olish maskanida to‘planishgan bo‘lsa-da, ularni dunyo egalari deb aytish haqiqatga mos kelmaydi. Bu safar, ular go‘yoki, forumni chetdan turib kuzatishadi.

So‘nggi 10 oyda jahon maydonida yuz bergan voqea-hodisalar, ayniqsa Brexit va Donald Trampning AQSh prezidentligi uchun saylanishi, qachonlardir jahon elitasi muzokaralar olib borish uchun sevimli joyga aylangan Davosning bosh qadriyatiga umuman zid edi. Shunga qaramay, aynan Davosda yetakchi siyosatchilar va iqtisodchilar to‘planadi. Bu safar uning ishida XXR raisi Si Tszinpinning ishtirok etishi allaqachon tarixiy ahamiyatga molik voqea sifatida ta'kidlangan. Umuman, bu yilgi Davos anjumanida quyidagi 10 mavzuga ko‘proq e'tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb yozadi insider.pro sayti.

Tramp ertaklari

Foto: AP

20 yanvarda AQShning yangi prezidenti o‘z lavozimiga kirishishi boshqa barcha voqealarning ahamiyatini pasaytiradi. Trampning inauguratsiyasi forumning oxirgi kuni bo‘lib o‘tadi, shunday ekan,  sessiyada Amerika yangi prezidenti safdoshlaridan hech kim bo‘lmaydi. Birgina, Tramp jamoasida Davos qadriyatlarini himoya qiluvchi Entoni Skaramuchchi AQSh kelajagi haqidagi fikrlarini bildiradi. U anjuman qatnashchilarida umid uchqunlarini yoqa oladimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.


Globallashuv

Ayni chog‘da, forumdagi eng sevimli mavzulardan yana biri globallashuv va xalqaro garmoniya bu safar dolzarb emas. Butunjahon iqtisodiy forumi tomonidan ishlab chiqilgan umumiy qarash endilikda xavf ostida qolmoqda.

Xitoy estafetani qabul qilib olmoqda

 

Foto: Reuters

Xitoy raisining Davosga birinchi tashrifi doirasida Si Tszinpinning anjumanda paydo bo‘lishi, dasturning eng yuqori pallasi bo‘lishi kutilayapti. AQSh vakillarining asosiy diqqat-eʼtibori Vashingtondagi voqealarga qaratilgan, ko‘plab ishtirokchilar Tramp borasida hozirdanoq o‘z xavotirlarini bildirayotgan bir vaqtda, Pekin o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun qulay vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin. Albatta, Si Tszinpin mamlakatidagi siyosiy o‘zgarishlar haqida so‘z yuritishi dargumon. Biroq, aksariyat ekspertlarga ko‘ra, u o‘ziga taqdim etilgan imkoniyatdan foydalangan holda, Davos minbaridan turib, iqlim o‘zgarishidan erkin savdogacha bo‘lgan turli sohalarda rivojlanishni himoya qilish va kuchaytirishga shay bo‘lgan Xitoyni jahonning mas'uliyatli buyuk davlati sifatida namoyon etishga urinib ko‘radi.

Jahon iqtisodiyoti poygasi

Dunyo moliya bozorlari Trampning AQSh prezidentligiga saylanishini olqishlashdi, ammo Davos iqtisodchilari salbiy kayfiyatlarini saqlab qolishmoqda. Asosiy masala: infratuzilmalarga bo‘lgan xarajatlarning ortishi va soliqlarning pasayishi bilan bog‘liq ravishda talabning ortishi proteksionizm siyosati oqibatidagi iqtisodiy talofat sababli barbod bo‘lishi mumkinmi? Bunga shunday javob berish ehtimoli mavjud: har qanday sun'iy kuchayish abadiy emas, populizm esa barqaror global taraqqiyot uchun poydevor bo‘la olmaydi.

Xafa bo‘lgan demokratlar

Aftidan, AQSh demokratlari, mamlakatlarida bo‘layotgan voqea-hodisalarga guvoh bo‘lmaslik maqsadida forumga kelishgan ko‘rinadi. Bu yilgi Davosga davlat kotibi Jon Kerri (o‘zining so‘nggi amaliy sayohati doirasida), sobiq vitse-prezident Albert Gor kabi Demokratik partiyaning yirik namoyandalari tashrif buyuradi. Bundan tashqari, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden «maxsus ma'ruza» qilishi kutilmoqda.

Tereza Mey qanday fikrda?

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakat hukumatining Brexit bo‘yicha rejalarini ma'lum qiladi. Shundan so‘ng, Davosga qarab otlanadi. U bu yerda ham ayni rejalarni jahon hamjamiyati e'tiboriga havola qiladi. Biroq,  Tereza Mey so‘zlariga nisbatan reaksiya Brexit bo‘yicha muzokaralar qaytarzda bo‘lishi haqida tasavvur uyg‘otadi.

Yevropaning alamlari

 

Foto: AP

Bu yil Germaniyada murakkab saylovlarni kutayotgan Angela Merkel Davosga bormaslikka qaror qildi. Ammo, shu kabi saylovlar bo‘lib o‘tadigan boshqa bir mamlakat – Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte anjuman ishida qatnashadi. Ularning barchasi qit'aning kelajagi va umumiy siyosati borasida kelishilgan yagona ko‘rishni taqdim etishning uddasidan chiqa olarmikan?

Hamma javob beradi

Garchi o‘ziga to‘qlik, boylik namoyish etilishiga qaramay, forumda tengsizlikdan aziyat chekayotganlar va rivojlanishda oqsayotganlarning noroziliklari haqida ko‘proq so‘z yuritiladi. Albatta, Davos go‘zalliklaridan bahra olayotgan qatnashchilar bu borada nimadir taklif qilishiga shubha bildirish mumkin, lekin bu yilgi forumda qashshoqlik va ortda qolayotganlar masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.

Texnologiyalar insoniyatga qarshimi?

O‘tgan yili Davosda ishtirok etganlar «to‘rtinchi sanoat inqilobi»dan xursand bo‘lishgan edi. Bu yil texnologiyalar rivoji yana muhokamalar markazida. Biroq, bu safar, gap imkoniyatlar haqida emas, ko‘proq tahdidlar xususida bo‘ladi.

Mavzuga oid