Light | 18:39 / 06.02.2017
12577
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p ishlash jismoniy va ruhiy salomatlikka ziyon yetkazishi tasdiqlandi

Avstraliya milliy universiteti Social Science & Medicine ilmiy jurnalida ishchi xodimning bir haftada necha kun ishlashi kerakligiga doir tadqiqoti haqida ma'lumot berdi. Olimlar uzoq ishchi haftasi (39 soatdan ko‘p) xodimning salomatligini xavf ostiga qo‘yadi degan xulosaga kelishdi. 

Tadqiqotda Avstraliyaning 8000ga yaqin aholisi ishtirok etdi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliyada uch ishchidan ikki nafari ishdagi majburiyatlariga haftasiga 40 soatdan ko‘p vaqtini sarflar va bu ularning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ishdan tashqari uyga ham vaqt ajartishi muhim bo‘lgan ayollarda bu muammo yanada chuqurlashgan. 

Tadqiqotchilarning fikricha, haftada 39 soatdan ko‘p ishlaydigan kishilarda dam olish, to‘g‘ri va to‘yib ovqatlanish, o‘zini keraklicha parvarish qilishga vaqt qolmas ekan. "Bu insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi", - deyishadi ular.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ayollarning ish haftasi 34 soatdan oshishi kerak emas. 

Britaniyaning Lancet ilmiy jurnali tomonidan chop etilgan boshqa tadqiqot mualliflari haftasiga 55 soatdan ortiq ishlashning xavfli tomonlariga ishora qilishgan. Ularning fikricha, ish jarayoniga 55 soatdan ziyod vaqt sarflaydigan kishilarda insultga yo‘liqish xavfi - 33 foiz, yurak ishemik kasalligi xavfi esa 13 foizni tashkil qiladi. Shuningdek diabet rivoji, uyqu bilan bog‘liq muammolar va erta o‘lim xavfi oshadi.

Mutaxassislar 49 soatlik ishchi haftasi salomatlikka sezilarli ziyon yetkazishini ta'kidlashgan, 55 soatlik ishchi haftasida esa xavf ortadi. 

2016 yilning iyulida Melburn amaliy iqtisodiyot va ijtimoiy tadqiqotlar instituti olimlari shu mavzudagi yana bir hisobotni taqdim etishdi. Unga ko‘ra, 40 yoshdan oshgan xodimlar haftasiga 25 soatdan ortiq ishlashi mumkin emas. Olimlarning ta'kidlashicha, bunday ishchilar to‘liq bo‘lmagan ish haftasi sharoitida yaxshi natija ko‘rsatishadi, 40 soatlik ishchi hafta esa aqliy salohiyatning zaiflashuviga olib keladi. 

Stenford olimlari esa kishi necha yoshda bo‘lishiga qaramay, haftada 50 soatdan ko‘p ishlash yaxshi samara bermasligini aytishgan. Tadqiqotchilar respondentlarning ishlarini o‘rganib, vazifalarni bajarishga 56 soat sarflagan kishilar muvaffaqiyati haftasiga 70 soat sarflaganlar natijasidan farq qilmaganligini aniqlashgan - natijalar deyarli bir xil bo‘lgan. 

Mavzuga oid