Jamiyat | 14:03 / 13.02.2017
6470
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri yirik miqdordagi pulni o‘marishda gumon qilinmoqda

Foto: National Business

Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimboyev "Boyterak" xoldingi rahbari lavozimini egallagan vaqtida, Qizilo‘rdada (Qozog‘iston janubida) shisha ishlab chiqaruvchi zavodning qurilishida 3 million dollarga yaqin pulni o‘marish sxemasini tuzganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqida respublikada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi Milliy byuroning matbuot xizmati xabar berdi. 

Bundan avval idora matbuot xizmatida yirik miqdordagi pora olishda ayblangan Bishimboyevning hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. 

"Boyterak" AJ boshqaruv raisi Quandiq Bishimboyev Qizilo‘rdadagi shisha ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi  zavodning qurilishida 1 milliard tenge (3 million dollarga yaqin)ni Orda Glass MChJ va "Chimkentkimyomontaj" MChJ orqali o‘marish sxemasini tuzgan", - deyiladi xabarda. 

Idora ma'lumotlariga ko‘ra, "jinoyatchilik sxemasiga, shuningdek, nomlari qayd etilgan tashkilotlarning rahbarlari Ibrashev, Isabek va Kojabayev ham jalb etilgan". 

"O‘g‘irlangan pul vositalari "Metall konstruksiyalari zavodi" MChJ orqali ishchilarning ovqatlanishi va yashash sharoitlari bahonasida naqdlashtirilgan. Bishimboyev shaxsan ko‘rsatilgan summadan vositachi (jiyani Nurlibek) orqali 2 million dollar olgan", - deya ma'lum qilindi  idorada. 

Aksilkorrupsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, tashkilotlar rahbarlari va Bishimboyevning qarindoshiga nisbatan hibsga olish chorasi ko‘rilgan. Ibrashevgina bundan mustasno - u "aybini tan olgani va tergovga yordam bergani uchun uy qamog‘iga hukm qilindi".

"Sudgacha bo‘lgan tergov ishlari o‘tkazilmoqda", - deyiladi idora xabarida. 

Mavzuga oid