Jahon | 16:11 / 05.04.2017
10173
6 daqiqa o‘qiladi

Polsha - Brexit’ning asosiy qurboni

Yevropa ittifoqidan eng katta yordam oladigan va Yevroittifoq davlatlariga ishchi kuchini eng ko‘p eksport qiluvchi bu davlat uchun endi murakkab davrlar boshlanadi.

Polsha shimoliy-sharqidagi Vrmin-Mazursk voyevodligi markazi bo‘lmish Olshtin shahri aeroportida biznes qaynamoqda. Bu yerdan haftasiga faqat ikkita reys uchadi va ikkisi ham Buyuk Britaniyaga, lekin ulardagi o‘rinlar butun yoz bo‘yi, deyarli qish bo‘yi ham oldindan band qilib bo‘lingan bo‘ladi. Endi bu chiptalar noma'lumlik tomon yetkazadi, shekilli.

Brexit jarayoni ishga tushirilganidan boshlab boshqa mamlakatlardan ko‘ra Polsha bu ayanchli ajrashishning oqibatlari oldida o‘ta zaif ko‘rinib bormoqda.

U Yevropa ittifoqi tomonidan ko‘rsatiladigan yordamni eng yirik oluvchisi va qit'adagi xorijiy ishchi kuchining eng yirik jo‘natuvchisi hisoblanadi. Olshtin kabi Varshavadan 160 km uzoqlikda joylashgan, sobiq harbiy baza bo‘lgan aeroportlarda unisiga ham, bunisiga ham guvoh bo‘lish mumkin.

YeIdan yordam sifatida olingan 29 million yevroga qayta qurilgan aeroport asosan Buyuk Britaniyada yashovchi va ishlovchi polyaklarga xizmat ko‘rsatadi. Ularning soni millionga yaqin va blokni tark etayotgan mamlakatdagi YeI fuqarolari sonining uchdan birini tashkil etadi.

Endi nafaqat ishchilarning statusi so‘roq ostida, balki YeI tomonidan kelajakda beriladigan subsidiyalar ham noma'lum, chunki Brexit oqibatida blok byudjyeti kattaligi bo‘yicha ikkinchi daromad manbasidan ayriladi.

Polsha tashqi ishlar vaziri Konrad Shimanski Bloomberg agentligiga shunday dedi:

"Ko‘rinib turibdiki, Brexit biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar biz muzokaralarda o‘z so‘zimizni o‘tkaza olmasak, bu ichki bozorimizga zarar yetkazadi. Aftidan, polyaklarning Buyuk Britaniyada yashashiga oid masalalarni muvofiqlashtirish juda qiyin bo‘ladi, chunki kuchlar teng emas".

Brexit Polsha uchun o‘ta noqulay paytda yuz berdi. Uning millatchi hukumati YeI prezidenti lavozimidan mamlakatning sobiq bosh vaziri Donald Tuskni siqib chiqarishga uringanidan so‘ng Bryusselda tobora izolyatsiyaga duch kelmoqda. Bir vaqtning o‘zida, mamlakat YeI investitsiyalari iqtisodiyotning sekinlashishidan asrab qolishiga ishonmoqda.

2004 yilda Polsha sharqiy Yevropaning boshqa davlatlari qatori YeI a'zosiga aylangach, 250 milliard yevroga yaqin pulni sarflab yuborgan. Zamonaviy narxlarda hisoblansa, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSh Marshall rejasi bo‘yicha g‘arb davlatlariga taqdim etgan mablag‘lardan ham katta summa.

Polshaning "Huquq va adolat" partiyasi yetakchilari Brexit’dan so‘ng YeI institutlarining kuchayishi emas, susayishidan umid qilishayotganini bildirishgan. O‘tgan yili mamlakat bosh vaziri Beata Shidlo xonim mamlakat Oliy sudi qarorlarini nega bajarmaganligi borasidagi savolga javoban YeIni Polsha suverenitetiga tahdidda ayblagan.

Polsha YeIga qo‘shilganidan keyingi bir yil davomida mamlakat moliya vaziri bo‘lgan Miroslav Gronitskining fikricha, Brexit’dan so‘ng Yevropaning boshqa davlatlari integratsiyani kuchaytirishni tanlasa, Polshaning 448 mlrd. dollar hajmga ega iqtisodiyoti chetda qolib ketadi:

"Polshaning muvaffaqiyati YeIning qancha mablag‘ini o‘zlashtirganida emas, uning iqtisodiyoti qanchalik ochiq bo‘lgani va yagona bozordan nima yutganiga borib taqaladi. Agar YeIning ayrim a'zolari munosabatlarni Polshasiz mustahkamlay boshlashsa, shak-shubhasiz, biz yutqazamiz".

YeIning so‘nggi byudjyeti 2020 yilgacha amalda bo‘ladi. Brexit bo‘yicha muzokaralar, muvaffaqiyatlimi bo‘ladimi-yo‘qmi, 2019 yilning martida yakunlanadi va Polsha bu muzokaralarni sinchiklab kuzatib bormog‘i kerak. Mamlakat markaziy banki rahbari Adam Glapinskining aytishicha, Brexit tufayli YeIning tasdiqlangan byudjyeti amaldan qolgan ondan boshlab u mamlakat iqtisodiyotining ahvoli uchun qayg‘ura boshlaydi.

YeIning Polshaga yordami tufayli mamlakat 10 yil ichida aholi jon boshiga ishlab chiqarishni 2 barobar ko‘paytirib olish imkonini berdi. 2015 yilgi iqtisodiy krizis chog‘ida ham iqtisodiy o‘sish 3,9 foizga yetdi, so‘ngra — 2016 yilda mamlakat hukumati o‘zgarganidan keyin YeI tomonidan birgalikda moliyalashtirilayotgan investitsiyalar hajmi kamaygani va blok byudjyetining yangi sikli amal qila boshlagach — 2,8 foizga tushdi.

YeIning eng qashshoq hududlarda yashash darajasini oshirish siyosati doirasida bu pullar turli infrastrukturalar — yo‘llardan tortib, suv tozalovchi inshootlar, munitsipal basseynlar va aeroportlar qurishga sarflangan.

Biroq, Polshadagi o‘rtacha maosh Buyuk Britaniyadagi o‘rtacha maoshning uchdan bir qismiga teng va hozircha millionga yaqin polyakning uyiga qaytish istagi namoyon bo‘lganicha yo‘q.

Bu orada Olshtin aeroporti shu yilning mayi oyidan boshlab, Londonning Luton va Stasted aeroportlariga uchadigan haftalik reyslarga qo‘shimcha ravishda Norvegiya yo‘nalishida ham reyslar ochmoqchi. Aeroportning operatsion direktori Tomash Kadziolka bu qarorning Brexit bilan bog‘liqligini tan olmadi:

"O‘tgan yili biz 50 ming yo‘lovchi tashiganmiz, bu yil esa ularning sonini 100 mingga chiqarmoqchimiz. Biz jadallik bilan rivojlanishni maqsad qilganmiz", — dedi u.

Mavzuga oid