Men bir o‘zbekni ko‘rdim...
Qop-qorong‘i va sovuq uyda shamga termulgancha, mehnatdan temirlashib ketgan kaftlariga nonni avaylab olib yegan, qorni to‘ygach, pechka ustida ilib qolgan oftobani ko‘targancha, hovliga chiqib junjikkancha hufton namoziga tahorat olgan, ertaga havo ochiq bo‘lar, tom ustidagi qorlar erir degan umidda tarnovlar tagiga chelaklarni qo‘yib, qolib ketgan kirlarini chayqash va qor suvidan ro‘zg‘orga ishlatish uchun nimaiki idish bo‘lsa tarnovlar tagiga qo‘yib chiqqan bir mushtiparni ko‘rdim...
Yelkasiga ro‘zg‘or qopini ortgan, oyoqlarining bo‘g‘inlari sirqirasada, tunlari kuraklarining o‘rtasi achishib og‘risada, kundan kun salomatligi ketayotganini his etsada, shifokorga ko‘rinishdan, dorixonadan dori olishdan pulini ayab, undan ko‘ra ro‘zg‘orimning kamu ko‘stini to‘ldiray deb, shu pullarni ayagan, ammo plastik kartaga tushgan maoshini deyarli yarimini kimlargadur berib, naqd pul qilgan, qurtdek bo‘lishiga qaramay, o‘sha pullarga ro‘zg‘origa mayda-chuyda olayotgan mardlarni ko‘rdim...
Ertalab turib, bir tandir non yopib, qorayib ketgan sumkaga solgancha bozorga yo‘l olgan, bir burda yerida ko‘kat yetishtirib, ular yetilgach, yig‘ib olib u ham bozorga yo‘l olgan, u yerga borgach esa bozor chekchilari tomonidan “chek to‘la” deb, nonlari-yu ko‘katlari yerga uloqtirilgan, besh-olti ming savdosini chekchilar olib qo‘ymasin degan xavotirda uloqtirilgan non-u ko‘katlarini rozi bo‘lib terayotgan ahli sabrni ko‘rdim...
Ezilib ketganidan tunlari yig‘lab chiqadigan, ammo huquqini himoya qilishda ko‘z-ko‘zga tushar deya andisha qiladigan, har kun bir xil umr, bir xil mazmun kechirayotgan, bolasining og‘zidagi nonni olib qo‘yganni ham bolam deydigan, shunday bo‘lsada yuzidan kulgisini, qalbidan umidini yo‘qotmagan o‘zbekni ko‘rdim...
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
08:14 / 20.12.2024
Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi
17:36 / 16.12.2024
Qishga saqlangan uzumlar
09:59 / 14.12.2024
Yunusobod bozorida qayta qurish ishlari boshlanadi
19:53 / 11.12.2024