Jamiyat | 02:21 / 22.06.2017
53860
8 daqiqa o‘qiladi

Jahondagi eng aql bovar qilmas tashlandiq narsalar maskani

Insoniyat chiqindi bilan tobora qoplanib bormoqda. Garchi Wall-E multfilmi mualliflari fantaziyasi — sayyoramiz ulkan chiqindixonaga aylanib qolgani, undan hattoki insonlar qochib ketgani — hanuzgacha xayolot mahsuli bo‘lib qolayotgan esa-da, Yer kurrasida chiqindi miqdori yil sayin ko‘paygandan ko‘payib borayotgani haqiqat.

Biroq chiqindining ham chiqindidan farqi bo‘lar ekan. Agar oddiy maishiy chiqindi uyumi — kundalik ko‘zga tashlanib yurgan narsa bo‘lsa, ba'zi bir chiqitga chiqarilgan narsalar saqlanadigan maxsus maskanlarning borligining o‘zi aql bovar qilmas hol. Biroq ular mavjud, deb yozadi Aquatek-filips.livejournal.com.

 

Amerikadagi shinalar buyuk chiqindixonasi

1950-yillarda Ed Filbin ismli qay bir amerikalik qachondir, kuni kelib, eski shinalar pul bo‘lishini taxmin qilib, ularni to‘play boshlaydi.

30 yil ichida u deyarli 42 millionta foydalanilgan shinani to‘plashga muvaffaq bo‘ladi — ularning barisi Kaliforniyadagi №5-shosse yaqinida hech kimga, hattoki mahalliy hukumatga ham xalaqit bermasdan uyulib yotardi.

1980-yillar oxiriga kelib Filbin «qora oltin» deyilganda eski shinalar nazarda tutilmaganini anglab yetgan shekilli, o‘zining 42 millionta shinasini (lekin ular ostidagi yerni emas) qandaydir xususiy kompaniyalarga sotadi, ular esa eski rezinalarni yoqib, elektr-energiyasi ishlab chiqarishda foydalana boshlashadi.

Shundagi loyiha mahalliy hukumatning e'tiboriga tushadi — ularga zavod rezinalarni yoqib, havoni dudga to‘ldirayotganidan norozi bo‘la boshlashadi. Ular, shuningdek, shinalar chiqindixonasi betartib ekanligi, har qanday yong‘in qo‘rqinchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ham tashvishlana boshlashadi.

Shunday bo‘lib chiqdi ham — 1989 yil oxirida chiqindixonani yashin urib, yong‘in boshlanib qoldi. Shinalar bir oy davomida yonib, tutab turdi, hech kim hech narsa qila olmadi — o‘t o‘chiruvchilar ham bu yong‘inga qarshi ojiz qolishdi.

Alal-oqibatda millionlab shinalar elektr energiyasiga aylanmasdan kuyib kul bo‘ldi.

Filbin eski shinalar yig‘ish odatini yana boshlamoqchi bo‘lganda, hukumat uning bu xatti-harakatiga darhol to‘siq qo‘yib, sud orqali bechorani bir nechta da'vo arizasi bilan ko‘mib qo‘ya qolishdi.

 

Chernobil. Zaharlangan texnikalar turargohi

Chernobil AESda yuz bergan fojiani hamma biladi, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun nimalar qilingani, qancha inson va boshqa resurslardan foydalanilganidan ham aksariyat xabardor.

Lekin halokat oqibatlariga qarshi kurashilgan texnikaning taqdiri nima bo‘lganidan hammaning ham xabari bo‘lmasa kerak.

Uning eng zaharlangan qismi texnika qabristonlariga ko‘miladi yoki AESning zararlangan qismi yopilgan sarkofag asosiga joylashtirilgan. Biroq mashina va vertolyotlarning katta qismi yaqin-yaqingacha (o‘nlab yillar mobaynida!) Ukrainaning Rassoxa qishlog‘i yaqinidagi maxsus turargohda saqlangan.

Mashinalar joylashtirilgan ulkan dala o‘ta tashvishli taassurot qoldiradi. Ba'zi bir manbalar barcha texnika yo‘q qilinganini ta'kidlasa-da, Google Maps fotosuratlari u hamon mavjudligini tasdiqlab turibdi.

 

AQShdagi samolyotlar qabristoni

Arizonadagi (Tuson, Devis-Monten aviabazasi) fuqarolik va harbiy samolyotlar qabristoni jahondagi eng yirik aviatsiya qabristoni unvoniga da'vogarlik qiladi.

Uning yuzasi 6500 gektardan ko‘proqni tashkil etadi va unda 40 dan ziyod turli kosmik apparatlar va 4 mingdan ziyod samolyotlar sekin-asta vayron bo‘lmoqda.

U ikkinchi jahon urushidan ko‘p o‘tmasdan paydo bo‘lgan va samolyotlar saqlanadigan o‘ziga xos muzey darajasiga yetgan. Uning uchun samolyotlarni oldindan tayyorlanmagan holda saqlash imkonini beruvchi quruq iqlimli, zamini qattiq joy tanlangan.

Mutaxassislarning baholashlaricha, Arizona qabristonida mavjud jamiki obektlarning narxi 35 milliard dollarga teng.

 

Shvetsiyadagi gigant yog‘och uyumlari

 

2005 yilning yanvarida Shimoliy Yevropaga yopirilgan Gudrun (Ervin) bo‘roni Shvetsiya va Daniyada haqiqiy falokatni keltirib chiqardi — tabiiy ofatning asosiy kuchi mana shu ikki davlatga to‘g‘ri keldi.

Ushbu bo‘ronning kutilmagan oqibati shundan iborat bo‘ldiki, u yiqitilgan daraxtlar saqlanadigan dunyodagi eng yirik joyga asos soldi.

Batartib shvedlar bo‘ron qulatgan daraxtlarning katta qismini Byuxolm shahri yaqinida bir joyga to‘play boshlashdi va bir kilometr uzunlikda, g‘o‘lalar taxlangan ulkan ombor yaratishdi.

Unda eng ko‘p yig‘ilgan yog‘ochlarning umumiy hajmi 75 million kub metrga teng bo‘lgan. Yog‘ochlarni yo‘q qilish 2008 yilda boshlangan va hanuzgacha yakuniga yetkazilgani yo‘q.

 

Shishali sohil — shisha parchalari saqlanadigan eng katta hudud

Ko‘pchilik bolalar dengiz sohilida turli va rang-barang shisha bo‘laklarini izlab topish bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Bunday shishalarning tig‘i bo‘lmaydi, dengiz to‘lqini yillar davomini uni yo‘nib, sayqallab, dumaloq, silliq va xavfsiz ko‘rinishga keltirib qo‘ygan. Biroq AQShda mana shunday shisha parchalari tiqilib yotgan joy bor.

Shimoliy Kaliforniyadagi bu plyaj Sea Glass Beach deb ataladi va u Fort-Bregg shahri yaqinida joylashgan.

Albatta, shisha parchalari o‘z-o‘zidan sohilda paydo bo‘lib qolmagan. Gap shundaki, qoyali dengiz sohilidan XX asr o‘rtalarida chiqindixona sifatida faol foydalanilgan. Boshqa nima qilish ham mumkin, u yerda cho‘milib bo‘lmasa, hammayoq tosh-shag‘al bo‘lsa?

Chiqindini esa qayoqqadir gumdon qilish kerak-ku? Mahalliy aholi bu chiqindigoh bilan ko‘pam adi-badi aytib o‘tirishmagan, vaqti-vaqti bilan unga o‘t qo‘yib turishgan — yangi chiqindilarga joy ochilishi uchun.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, shisha o‘tda yonmaydi va tez orada plyaj maishiy shisha siniqlari bilan qoplangan-qolgan, u esa vaqt o‘tishi bilan dengiz suvida yuvilib, silliqlangan va kichik shisha toshchalariga aylangan.

Ajoyib kunlarning birida hukumat chiqindixonani yopgan, qolgan chiqindilarni yo dengiz yuvib yuborgan yoki qushlar talab ketgan. Shishalar esa... o‘z joyida qolgan. Bugungi kelib u yerda yalang oyoq ham yurish mumkin. Chunki uchli, oyoqqa qadaluvchi shishalardan asar ham qolmagan.

 

Ulkan kemalar qabristoni

 

Chittagong — kattaligi jihatidan Bangladeshning ikkinchi shahri va janubiy-sharqiy Osiyodagi eng yirik bandargohlardan biri hisoblanadi.

U yana gigant kemalar qabristoni bilan ham mashhur, har yili unga egalari tomonidan shunchaki tashlab ketilgan o‘nlab yangilari qo‘shilib turadi.

Kema egalariga ham yaxshi, ular foydalanib bo‘lingan kemani yo‘q qilish uchun qo‘shimcha xarajatdan forig‘ bo‘lishadi.

Mahalliy aholi uchun esa bu kemalar bitmas-tuganmas daromad manbai hisoblanadi — ularning ichidan mumkin bo‘lmagan hamma narsani tashib chiqib ketishadi.

Bu insonlarning biznesi o‘ziga yarasha xatarli — chiqindixonada har yili baxtsiz hodisalar tufayli o‘nlab insonlar qurbon bo‘ladi.

Hukumat o‘zini yillar mobaynida bu chiqindixona ularga yoqmayotgandek tutib kelmoqda, lekin pora evaziga bu yerda bugun ham keraksiz kemani bemalol qoldirib ketish mumkin.

Mavzuga oid