Jamiyat | 19:57 / 01.07.2017
27075
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ta'lim va tarbiya muassasalaridagi poraxo‘rlar jinoyat ustida qo‘lga olindi

Samarqand shahar prokuraturasi bilan Yoshlar markazida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda korrupsiya va poraxo‘rlik, uning kelib chiqish sabablari hamda salbiy oqibatlari, so‘nggi kunlarda Samarqand shahridagi ta'lim muassasalarida yuz bergan korrupsiya bilan bog‘liq tashvishli holatlar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Samarqand shahar prokurori Farhod Sheryigitov joylarda tamagirlik jinoyatining oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilayotganligiga qaramasdan, ta'lim muassasalaridagi ayrim o‘qituvchilarning nafs yo‘lida turli xil qing‘irliklar qilishdan qaytmayotganligini ta'kidlab o‘tdi. 

Xususan, Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litsey direktori B.B. (bu yerda va quyida ism va familiyalar o‘zgartirilgan) fuqaro S.J.dan litseyning 1-kursida tahsil olib kelayotgan Sh.N. va M.A.ni Samarqand tayanch tibbiyot kollejiga ko‘chirish uchun 2000 AQSh dollari talab qilgan. S.J.ning huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga qilingan murojaatidan so‘ng Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litsey direktori 1500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni o‘z xizmat xonasida qonunga xilof ravishda olayotgan paytda qo‘lga olingan. 

Poraxo‘rlik bilan bog‘liq holat xuddi shunday Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.A. bilan ham kuzatilgan. U fuqaro N.T.ning jiyanlari A.N., Sh.T. va Q.T.ning har birini 7500 AQSh dollaridan umumiy hisobda 22.500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini filologiya fakultetining 3-bosqich talabasi T.Sh. vositachiligida Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olinganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida yoshlarga ta'lim tarbiya berish jarayonida uchrayotgan yana bir salbiy illat — bu maktabgacha ta'lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlari uchrayotganligi ham achinarli holat ekanligi aytib o‘tildi. Xususan, Samarqand shahridagi 64-son maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi I.B. fuqaro S.I.dan farzandi X.S.ni ushbu ta'lim muassasaga qabul qilish uchun 300 ming so‘m va uning oylik to‘lovlari evaziga deb 157 ming so‘m, jami 457 ming so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtda jinoyat ustida ushlanib, uning aybi fosh etilgan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 13-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori A.A. fuqaro N.Q.dan farzandi B.O. maktabning 1-sinf rus guruhiga o‘qishga qabul qilish uchun 150 AQSh dollar miqdoridagi pullarni o‘z xizmat xonasida qonunga xilof ravishda olayotgan vaqtda aybi oshkor qilingan. 

Samarqand bank kollejining kasbiy ta'lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.T. fuqaro S.X.dan jiyanlari U.K. va M.N.ni kollejning moliya yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilishi uchun 800 AQSh dollari miqdoridagi pullarni kollej binosida qonunga xilof ravishda olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Shahar prokurorining so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi sanab o‘tilgan holatlar bo‘yicha jinoyat ustida qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Yig‘ilish davomida o‘qituvchilarning tamagirlik jinoyatiga qo‘l urishi holatlarining oldini olish, bunday salbiy holatlarni kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va kelgusida barcha ta'lim muassasalarida yuqoridagi kabi nojo‘ya xatti-harakatlarni bartaraf etish yuzasidan viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi va shahar xalq ta'limi boshqarmasi mutasaddi rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berildi. 

Farhod Norbo‘tayev, jurnalist

Mavzuga oid