O‘zbekiston | 21:59 / 11.09.2017
21333
4 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov: «Prezidentimizning Qirg‘izistonga tashrifi chindan ham tarixiy voqea bo‘ldi»

Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5–6 sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» telekanali savollariga Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov javob berdi.

— Kuzatuvchilar aksariyat hollarda «mana, shuncha masalalar 15-20 yil mobaynida yig‘ilib qoldi, yaqin orada buni hal qilish mumkinmi yo‘qmi?» deb vaziyatning o‘nglanishiga unchalik ishonmas edi. Lekin barchasini hal qilish mumkin ekan. Nega? Buning o‘ziga yarasha juda muhim sabablari bor. Bu birinchidan, bizning muhtaram prezidentimizning qat'iy irodasi tufayli yuz berdi. Ikkinchidan, prezidentimiz barchamizga — har bir vazirlikka oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab berdi. Uchinchidan, Shavkat Miromonovich bir necha uchrashuvlari mobaynida Qirg‘iziston prezidenti bilan juda yaqin aloqalar o‘rnatib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yana bir bor qaytarib olib keldi.

Agar biz mana shu asosiy davlat tashrifining natijalari nimalardan iborat bo‘ldi, degan savolga javob bersak, albatta birinchi galda eng muhim, dolzarb va nozik masala bu — chegara masalasi ekanligini tan olishimiz kerak. Nega deganda, mana shu do‘stona aloqalar ham chegara orqali quriladi, muammolar ham shu chegara ortidan kelib chiqadi.

Biz juda muhim va tarixiy shartnoma tayyorladik. Muzokaralarda kelishilgan 1170 km chegara aniqlanib, shartnomaga kiritilib, imzolandi. Shartnoma qabul qilindi, prezidentlar darajasida imzolandi va bu albatta, juda katta yutuq bo‘ldi. Bundan tashqari, qo‘shma bayonotda biz kelajakda siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, madaniyat va xavfsizlik sohalarida uzoq muddatli hamkorligimizni belgilab oldik va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligimizni ikki tomonlama va ko‘p tomonlama asosda olib borishga kelishdik.

Prezidentimiz, hurmatli Shavkat Miromonovich qo‘shimcha mana shu imzolangan shartnomalarga o‘zlarining ikki tashabbusi bilan qo‘shimcha kiritdi: ularning birinchisi parlamentlararo hamkorlik memorandumi bo‘lsa, ikkinchisi — bu chegaradosh hududlar rahbarlari kengashi haqidagi hujjatdir. Ushbu kengash bosh vazirlar rahbarligida o‘z faoliyatini olib boradi va o‘ylaymizki, kelgusidagi hamkorlik uchun bu juda muhim bo‘ladi.

Prezidentimizning «Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston chegarasi — do‘stlik va hamkorlik chegarasi bo‘lishi kerak», degan so‘zlari ertalabdan kechgacha televideniye, matbuot va barcha ommaviy axborot vositalarida ko‘p marotaba qaytarib turildi. Bundan tashqari, transport kommunikatsiyalari, suv va energetika masalalariga ham katta  e'tibor berildi. Madaniy va gumanitar hamkorlikka oid ko‘p shartnomalar imzolandi, birgina eksport kontraktlarining hajmi 150 million dollarga yetdi.

Lekin prezidentimiz ham, Qirg‘iziston prezidenti ham yakdil bir fikrga kelishdiki, bu hamkorlikning endigina qaytadan boshlanishi, bunday shartnomalarni bemalol 500 millionga ham, 1 milliardga ham yetkazish mumkin. Ayniqsa transport kommunikatsiyalari ochilganida, albatta ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq ham yurishib ketadi.

Agar prezidentimizning Qirg‘izistonga davlat tashrifiga siyosiy baho bermoqchi bo‘lsak, bu chindan ham tarixiy tashrif bo‘ldi, — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «O‘zbekiston» telekanaliga bergan intervyusida.

Mavzuga oid