Yangi nikoh rishtasini qurgan Bekzod va Dilafro‘z nikoh oqshomidan avval restoranga mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini chaqirib, ularga katta ziyofat berishdi. Facebook ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek segmentidagi UzMDK guruhida shu haqdagi suratlar paydo bo‘ldi. Uylanayotgan yigit ismi Bekzod va kelin Dilafro‘z deb atalishi suratlarga berilgan izohdan ma'lum bo‘ladi. Ammo ularning qayerda istiqomat qilishiga oydinlik kiritilmagan.
Shu munosabat bilan o‘z fikrlarini qoldirgan foydalanuvchilar ularning ushbu xayrli ishlarini alqab, ishlariga omad, o‘zlariga tan sihatlik tilagan. Ko‘pchilik boshqa yoshlarni ham ulardan o‘rnak olishga chaqirgan.
Foydalanuvchilarning barchasi, yoshlar haqiga duolar qilishib, shunday yetuk farzandlarni tarbiyalagan ota-onalariga tashakkurlarini bildirishgan.
Shu o‘rinda, KUN.UZ tahririyati ham ushbu savobli ishni “orzu-havas”larni bir chetga surib, amalga oshirgan yoshlarga baxt tilab, O‘zbekistonda ulardan o‘rnak oluvchilar yanada ko‘payishini tilab qoladi.