Iqtisodiyot | 15:53 / 14.10.2017
9838
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xorijlik shifokorlar ishtirokida «Mahorat darslari» o‘tkazildi

Foto: KUN.UZ

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida bir qator xorijlik malakali shifokorlar tomonidan ilmiy-amaliy «Mahorat darslari» o‘tkazildi, deb xabar berdi KUN.UZ’ga viloyat SSB matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbarining tibbiyot sohasini isloh qilish, sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish borasida bergan topshiriqlari asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro «Toshkent tibbiy haftaligi» dasturi doirasida o‘tkazilgan «Mahorat darslari»da Shveytsariya, Germaniya, Turkiya va Ozarboyjon davlatlarining laporoskopiya, umumiy xirurgiya, endoskopiya, ginekologiya va ultrasonografiya bo‘yicha yetakchi mutaxassislari tematik leksiyalar, ko‘rgazmali operatsiyalar o‘tkazishdi.

— O‘zbekistonda tibbiyotni bu darajada rivojlanganligi xayolimga ham kelmagan edi, — deydi Shveytsariyaning Bazel universiteti klinikasi direktori o‘rinbosari, qon-tomir kasalliklari jarrohi Lorents Gyurke. — Toshkentdagi shifoxonalarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar bilan yaqindan tanishdik. Bugun Samarqanddagi tibbiy jarayonlarni kuzatib, yurtingiz tibbiyoti haqida noto‘g‘ri tushunchada ekanligimni angladim. «Mahorat darslari» davomida shifokorlarning bilim va malakasi ham ancha yuqori ekanligi namoyon bo‘ldi. Xalqaro tajribani o‘rganishga qaratilayotgan yuksak e'tibor O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini tez orada yuksak darajaga ko‘taradi.

«Mahorat darslari» davomida xorijlik mutaxassislar tomonidan muassasadagi yigirmaga yaqin bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, to‘rtta jarrohlik amaliyoti tashkil etildi.

— Ayni paytda jahon tibbiyotida miniinvaziv jarrohlik amaliyotlaridan keng foydalanilmoqda, — deydi Ozarboyjon jarrohlik tibbiy markazi miniinvaziv jarrohlik bo‘limi mudiri, ozar-nemis tibbiy uyushmasi prezidenti Qurbonxon Muslumov. — Barchaga ma'lumki, bu amaliyotda bemor juda kam jarohatlanadi. Ammo uning samarasi, bemorning tiklanish jarayoni juda tez amalga oshadi. Samarqandda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlarida oshqozon yarasi, asoratli churra, o‘t qopi xastaliklarini zamonaviy tibbiy usullarda tashkil etildi. Bunda mahalliy yosh shifokorlarga sohadagi amaliyot davomida tibbiyotdagi yangiliklardan foydalanish samaralari haqida nazariy va amaliy tushunchalar berishga harakat qildik. O‘ylaymanki, ular kelgusi faoliyati davomida zamonaviy tibbiy usullardan foydalangan holda yurtingizda tibbiy xizmat sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shishadi.

Shu kuni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Moskva vrachlar malakasini oshirish tibbiyot instituti onkologi Leonid Petrov tomonidan «Onkologik kasalliklarni davolashning zamonaviy jarrohlik imkoniyatlari» mavzuida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «Ko‘z mikrojarrohligi» tarmoqlararo ilmiy-texnika majmuasi federal davlat tashkiloti bolalar oftalmojarrohi, tibbiyot fanlari doktori, professor Igor Plesov ishtirokida g‘ilaylik kasalligini davolashning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

— Keyingi paytda g‘ilaylik xastaligi bilan murojaat qilayotgan bemorlar soni ortganligi bois, shifoxonamizda xorijiy tajribalarni o‘zlashtirgan holda tibbiy xizmat sifatini oshirishni maqsad qilganmiz, — deydi viloyat ko‘z kasalliklari shifxonasi bosh shifokori Saidaxon Mirrahimova. — Shu bois, professor Igor Plesovni taklif qilib, shifokorlarimiz uchun davolashning zamonaviy usullari haqida ilmiy-amaliy seminar tashkil qildik. Shundan so‘ng bemor bolalarning holatlari xorijlik mutaxassis tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Jarayonda 30 nafar bemorga tibbiy muolajalarni davom ettirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Ilmiy seminarda I.Plesov shifokorlarimizni sohaning zamonaviy usullari bilan batafsil tanishtirib, amaliyotda qo‘llash davomida e'tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarni atroflicha tushuntirdi.

Mavzuga oid