O‘zbekiston | 12:55 / 15.11.2017
50763
11 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi Toshkent yuridik kolleji bo‘yicha qaror chiqardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Toshkent yuridik kollejida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmunini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta'lim xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, jismonan sog‘lom, ma'naviy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, mustahkam hayotiy qarashlarga ega va Vatanga sadoqatli yoshlarni tarbiyalash, shuningdek demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Shu bilan birga, ta'lim sohasiga oid islohotlarda ayrim o‘rta maxsus, kasb- hunar ta'limi muassasalarining ta'lim jarayoni to‘liq qamrab olinmagani qayd etiladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Toshkent yuridik kolleji (keyingi o‘rinlarda kollej) faoliyatini monitoring qilish natijasida qonun hujjatlarining doimiy ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilgani va buning oqibatida kollejdagi muhit va o‘quv-tarbiya jarayoni izdan chiqqani, jumladan:

kadrlarni tanlash va ular bilan ishlash amaliyoti noto‘g‘ri tashkil etilgani, xususan, oshna-og‘aynigarchilik, urug‘-aymoqchilik va mansabni suiiste'mol qilishga yo‘l qo‘yilgani, shuningdek, pedagoglar qo‘nimsizligining yuqoriligi va ularning kasb darajasi keskin pasayib ketgani;

ijro intizomining pasaygani, yuqori idoralarning topshiriqlari va ko‘rsatmalarini ochiqchasiga rad etish, ish yuritishga mas'uliyatsizlik bilan yondashish;  

o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha belgilangan tartibning qo‘pol buzilishi, o‘quvchilarning darslarga qatnashishini nazorat qilishdagi loqaydlik, darslarda uzilishlar bo‘lishiga o‘qituvchilarning o‘zlari sabab bo‘layotgani;

turli “foydali” tadbirlar o‘tkazish bahonasida nohaq yig‘imlar yig‘ilishi, rahbariyat, pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar yomonlashgani, o‘quvchilarning bilim darajasi asossiz ravishda oshirib baholangani, bitiruvchilarga diplomni rasmiylashtirish va topshirishda belgilangan normalarning buzilishi holatlari;

xulqi buzuq o‘quvchilar bilan alohida ishlashga yuzaki yondashilgani, o‘quvchilarning ma'naviy va intellektual fazilatlarini, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha ota-onalar bilan nomigagina suhbat o‘tkazilayotgani, o‘quvchilarning ma'naviy va intellektual sifatlarini mustahkamlashda, ularning ijtimoiy faolligini oshirishda ota-onalar tomonidan kollejlar ma'muriyatiga va pedagoglar jamoasiga yordamni tashkil etish borasida o‘zaro amaliy hamkorlikning yo‘qligi;

kollejning dolzarb muammolarini hal etishda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida kollej, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligi;

kollej bo‘linmalari rahbarlari va pedagoglar tarkibining malakasini, kasbiy va ma'naviy-axloqiy sifatlarini oshirish masalalari yuzasidan tizimli monitoring olib borilmayotganligi aniqlandi.

Kollej rahbariyatining o‘quv, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiya ishlariga, shuningdek, o‘quvchilarning huquqiy madaniyati va ongini oshirish, vatanparvarlik, yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishga mas'uliyatsiz munosabat oqibatida kollejning ayrim o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kollejda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmunini tubdan takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

Kollej va uning rahbariyatining faoliyati o‘ta qoniqarsiz deb hisoblandi.

Kollej direktori N.S.Temirova xizmat burchini qo‘pol ravishda buzgani va xizmat vazifalarini tegishli ravishda muntazam bajarmagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgani va maxsus unvon - O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlarining “2-darajali adliya maslahatchisi” martaba darajasidan mahrum etilgani ma'lumot uchun qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Toshkent yuridik kolleji faoliyatini o‘rganish va uni takomillashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etildi.

Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklandi:

o‘rta maxsus professional yuridik ma'lumotga ega mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kollej faoliyatini har tomonlama, tanqidiy tahlil qilish, o‘quv jarayoniga pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish holatini baholash;

o‘quvchilarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularda namunali huquqiy madaniyat va ongni, yuksak ma'naviy fazilatlarni shakllantirish ishlarining holatini tahlil qilish;

kollejning tovar-moddiy boyliklarini inventarizatsiyadan o‘tkazishni va moliya-xo‘jalik faoliyatini o‘rganishni tashkil etish;

kollejda ta'lim jarayonini zamonaviy shakl va uslublar, pedagogika, axborot- kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida yanada takomillashtirish chora- tadbirlarini ishlab chiqish;

kollejda yuzaga kelgan vaziyatni sog‘lomlashtirish va o‘rganish davomida aniqlangan xato hamda kamchiliklarning kelgusida oldini olish borasida kollej rahbariyati va pedagog kadrlariga zarur uslubiy yordam ko‘rsatish;

2017 yilda kollej rahbar va pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiyalar va zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Komissiya (B.Kanyazov) bir oy muddatda kollejning rahbar va pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazsin hamda kollejni zamonaviy talablarga javob beradigan, yuksak malaka, professional tayyorgarlik va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega boshqaruv va pedagog kadrlar bilan to‘ldirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining kollejni Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda TDYuU) tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha, kollej o‘rnatilgan tartibda belgilanadigan mutaxassisliklar va kasblarni o‘z ichiga olgan “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yuridik kadrlari tayyorlaydigan davlat ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Toshkent yuridik kollejida o‘quv jarayonini tubdan yaxshilash, o‘quvchilarni o‘qitish sifatini, ma'naviy-axloqiy tarbiyalash, ularning huquqiy madaniyati va ongini oshirish, shuningdek, kollejning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha Tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

TDYuU O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan birgalikda bir oy muddatda:

o‘quvchilarda tizimli fikrlash, ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish, protsessual hujjatlar tuzish qobiliyatini shakllantirish, chet tillar bo‘yicha o‘quv yuklamasini oshirish nazarda tutilgan holda va ish beruvchilarning zamonaviy tendensiyalari hamda ehtiyojlarini hisobga olib, malaka talablari, kollej o‘quv rejalari va dasturlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi;

o‘quvchilarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash samaradorligini, ularning huquqiy madaniyati va ongini oshirish, ularda vatanparvarlik, Vatan taqdiri va kelajagiga mas'ullik hamda daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish va rivojlantirish choralarini ko‘radi;

Adliya vazirligi:

TDYuU, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan birgalikda Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari bilimlarini baholash to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek, Toshkent yuridik kollejining yangilangan Ustavini bir oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, sud va huquqni muhofaza qilish organlarida, shuningdek, boshqa tashkilotlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yuridik kadrlariga bo‘lgan ehtiyojning chuqur o‘rganilishini ta'minlasin hamda shu asosda kelgusi o‘quv yillarida o‘quvchilar qabul qilishning istiqbolli rejasi to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi va O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘rta maxsus, professional yuridik ma'lumoti bo‘lishini talab etadigan mutaxassisliklar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutgan holda, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini ikki oy muddatda qayta ko‘rib chiqadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari Toshkent yuridik kollejiga ushbu kollej o‘quvchilarining amaliyot o‘tashini tashkil etishda har tomonlama ko‘maklashadilar.

Belgilanishicha, o‘quvchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartib bilan bir qatorda, o‘quv intizomi va kollej ichki tartib-qoidalarini buzganligi, shu jumladan semestr davomida uzrsiz sabablarga ko‘ra darslarni 74 soatdan ortiq vaqt qoldirgani, shuningdek, odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun ham kollejdan chetlashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kollejga 2 ta yengil, jumladan, bitta biriktirilgan va bitta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratadi.

TDYuUga quyidagi huquqlar berildi:

TDYuUning byudjyetdan tashqari mablag‘lari (faqat o‘qitishning bazaviy qiymati miqdoridan oshadigan qismida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishdan tushadigan tushumlar) hisobidan kollej uchun o‘quv-laboratoriya uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, yengil avtotransport vositalari sotib olish, shuningdek, kollej o‘quvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash;

byudjyetdan tashqari mablag‘lar (to‘lov-kontrakt mablag‘lari) hisobidan kollejga uning xodimlariga tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida har oylik ustamalar belgilash uchun moddiy yordam ko‘rsatish.

Ushbu qaror 11 va 12-bandlarining amal qilishi TDYuU huzuridagi akademik litseyga ham tatbiq etiladi.

TDYuU litseylar va kollejlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘limi boshlig‘ining lavozim maoshi oliy ta'lim muassasasi dekanining bazaviy lavozim maoshiga tenglashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.Majidov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid